Venesueladagi saylovlar: rasmiylar va muxolifat kim g‘alaba qozongani haqida bahslashmoqda

Jahon 11:41 / 29.07.2024 3537

Venesuela saylov komissiyasi mamlakat hukmdori Nikolas Maduroni prezidentlik saylovlarida g‘olib deb e’lon qildi. 29 iyul, dushanbaga o‘tar kechasi Karakasda byulletenlarning 80 foizi qayta ishlangandan so‘ng Maduro 51,2 foiz, muxolifat yetakchisi Edmundo Gonsales Urrutia 44,2 foiz ovoz to‘pladi. Saylov komissiyasi rahbari Elvis Amorosoning aytishicha, bu natija «aniq va ortga qaytarib bo‘lmaydigan». Unga ko‘ra, saylovda ishtirok etganlar ulushi 59 foizni tashkil etgan.

Ayni paytda, muxolifat prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Maduroning raqibi Edmundo Gonsales 70 foiz ovoz oldi, dedi Vente Venezuela muxolifat harakati yetakchisi Mariya Korina Machado. Uning ta’kidlashicha, Gonsalesni saylovchilar keng qo‘llab-quvvatlagani aniq, buni ko‘plab saylovoldi so‘rovlari va ovozlarni sanab chiqish holatlari tasdiqlaydi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Venesueladagi saylovlar bilan bog‘liq «muhim muammolar va jiddiy xavotirlar» mavjud. «Biz e’lon qilingan natijalar Venesuela xalqining irodasi va ovozini aks ettirmasligidan jiddiy xavotirdamiz», dedi u Tokioda. Avvalroq u Venesuela hukumatini ovozlarni «adolatli va oshkora» sanashga chaqirgan hamda xalqaro hamjamiyat «buni diqqat bilan kuzatayotgani va shunga muvofiq javob berishini» ta’kidlagan. 

So‘rovlar Maduroning mag‘lubiyatini bashorat qilgan 

Saylovoldi so‘rovlari Venesuelaning 61 yoshli hukmdori, hukmron Yagona sotsialistik partiya ostida uchinchi olti yillik muddatga saylanmoqchi bo‘lgan Nikolas Maduro mag‘lubiyatga uchrashini ko‘rsatdi. Uning davrida bir paytlar Janubiy Amerikadagi eng yirik neft qazib oluvchi mamlakat bo‘lgan Venesuela iqtisodiyoti giperinflatsiyaga tushib qoldi va yetti millionga yaqin odam, ya’ni har to‘rt fuqarodan biri mamlakatni tark etdi. Maduro rejimi zo‘ravon repressiyalar orqali muxolifat va fuqarolik jamiyatini bostiradi. 

So‘rovlarga ko‘ra, Maduro saylovda atigi 30 foiz ovozga ishonishi, uning raqibi, muxolifatdagi «Birlashgan demokratik platforma» alyansidan nomzod Edmundo Gonsales Urrutia esa 50-70 foiz ovoz olishi mumkin. Biroq Maduro, agar u mag‘lub bo‘lsa, mamlakatda «qon to‘kilishi» boshlanishi bilan tahdid qilgan, deya xabar beradi AFP. Urrutiya o‘z tarafdorlarini «nafrat xabari»dan qo‘rqmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu saylovlar «shubhasiz, so‘nggi yillarda xalq kuchlarining eng muhim demokratik ifodasi bo‘ladi». Vente Venezuela muxolifat harakati yetakchisi Mariya Korina Machado Maduroni muxolifat bilan Barbados kelishuvlarini buzganlikda aybladi. Bitimlar 2023 yilda tuzilgan va xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida erkin va oshkora saylovlarni o‘tkazishni nazarda tutgan. Kelishuvlar natijasida AQSh Venesuelaga qarshi sanksiyalarning bir qismini vaqtincha bekor qildi. 

Machado 2023 yil oktyabr oyida Venesuela muxolifatining praymerizlarida katta farq bilan g‘alaba qozondi. Biroq yanvar oyida Venesuela Oliy sudi unga 15 yilga davlat lavozimlarida ishlashni taqiqlagan edi. Maduro tomonidan tayinlangan sudyalar Machadoni korrupsiyada aybladi, siyosatchining o‘zi esa buni qat’iyan rad etadi. O‘shanda professor Korina Yoris Vente Venezuela’dan nomzod sifatida ko‘rsatildi, ammo rasmiylar uni ro‘yxatga olishdan bosh tortdilar. Shundan so‘ng Machado Urrutiyani qo‘llab-quvvatladi. 

Maduroning iste’fosi talab qilingan namoyishlar 
 
Venesuela muxolifati 2018 yildagi avvalgi saylovlarni boykot qilgan, shundan so‘ng Maduro g‘alaba qozongan edi. 2019 yil yanvar oyida o‘sha paytda Venesuela Milliy assambleyasi (parlamenti) raisi bo‘lib ishlagan Xuan Guaydo qasamyod qabul qilib, o‘zini mamlakatning muvaqqat prezidenti deb e’lon qildi. Maduroning iste’fosini talab qilib, mamlakat ko‘chalariga chiqqan o‘n minglab odamlar uni qo‘llab-quvvatladi. Germaniya, AQSh va 50 dan ortiq boshqa davlatlar Guaydoni Janubiy Amerika davlatining muvaqqat prezidenti sifatida tan oldi. Rossiya Maduroning qonuniyligi to‘g‘risida ma’lum qildi.

2022 yil oxirida Venesuela parlamenti Guaydo hukumatini tarqatib yuborish uchun ovoz berdi. 2023 yil aprelida siyosatchi Maduro hukumati tomonidan ta’qib qilinish tahdidi tufayli AQShga ketishini e’lon qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: