Venesuelada prezidentlik saylovi uchun ovoz berish bo‘lib o‘tdi. 28 iyul, yakshanba kuni butun mamlakat bo‘ylab 30 ming saylov uchastkasi mahalliy vaqt bilan soat 6.00 da (Toshkent vaqti bilan 15.00) ochildi va 18.00 da (Toshkent vaqti bilan soat 03.00) yopiladi. Dastlabki natijalar 29 iyul, dushanba kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
So‘rovlar mamlakat hukmdori, hukmron Yagona sotsialistik partiya ostida uchinchi olti yillik muddatga da’vogarlik qilayotgan Nikolas Maduroning mag‘lubiyatini bashorat qilmoqda. Uning davrida bir paytlar Janubiy Amerikadagi eng yirik neft qazib oluvchi mamlakat bo‘lgan Venesuela iqtisodiyoti giperinflatsiyaga tushib qoldi va yetti millionga yaqin odam, ya’ni har to‘rt fuqarodan biri mamlakatni tark etdi. Maduro rejimi zo‘ravon repressiyalar orqali muxolifat va fuqarolik jamiyatini bostiradi.
So‘rovlarga ko‘ra, Maduro saylovda atigi 30 foiz ovozga ishonishi, uning raqibi, muxolifatdagi «Birlashgan demokratik platforma» alyansidan nomzod Edmundo Gonsales Urrutia esa 50-70 foiz ovoz olishi mumkin. Biroq Maduro, agar u mag‘lub bo‘lsa, mamlakatda «qon to‘kilishi» boshlanishi bilan tahdid qilgan, deya xabar beradi AFP. Urrutiya o‘z tarafdorlarini «nafrat xabari»dan qo‘rqmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu saylovlar «shubhasiz, so‘nggi yillarda xalq kuchlarining eng muhim demokratik ifodasi bo‘ladi».
Muxolifat Maduroni kelishuvlarni buzganlikda ayblamoqda
Vente Venezuela muxolifat harakati yetakchisi Mariya Korina Machado Maduroni muxolifat bilan Barbados kelishuvlarini buzganlikda aybladi. Bitimlar 2023 yilda tuzilgan va xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida erkin va oshkora saylovlarni o‘tkazishni nazarda tutgan. Kelishuvlar natijasida AQSh Venesuelaga qarshi sanksiyalarning bir qismini vaqtincha bekor qildi.
Machado 2023 yil oktyabr oyida Venesuela muxolifatining praymerizlarida katta farq bilan g‘alaba qozondi. Biroq yanvar oyida Venesuela Oliy sudi unga 15 yilga davlat lavozimlarida ishlashni taqiqlagan edi. Maduro tomonidan tayinlangan sudyalar Machadoni korrupsiyada aybladi, siyosatchining o‘zi esa buni qat’iyan rad etadi. O‘shanda professor Korina Yoris Vente Venezuela’dan nomzod sifatida ko‘rsatildi, ammo rasmiylar uni ro‘yxatga olishdan bosh tortdilar. Shundan so‘ng Machado Urrutiyani qo‘llab-quvvatladi.
Venesuelada mamlakatning 21 milliondan ortiq fuqarosi ovoz berish huquqiga ega. Kuzatuvchilarga ko‘ra, saylovda 17 millionga yaqin kishi ishtirok etgan. Yana 69 ming venesuelalik xorijda ovoz berdi. Saylov kuni xavfsizlikni 380 ming harbiy xizmatchi ta’minladi, deydi rasmiylar.
Venesuela muxolifati avvalgi saylovlarni boykot qilgan, shundan so‘ng Maduro g‘alaba qozongan edi.
Maduroning iste’fosini talab qilgan namoyishlar
2019 yil yanvar oyida o‘sha paytda Venesuela Milliy assambleyasi (parlamenti) raisi bo‘lib ishlagan Xuan Guaydo qasamyod qabul qilib, o‘zini mamlakatning muvaqqat prezidenti deb e’lon qildi. Maduroning iste’fosini talab qilib, mamlakat ko‘chalariga chiqqan o‘n minglab odamlar uni qo‘llab-quvvatladi. Germaniya, AQSh va 50 dan ortiq boshqa davlatlar Guaydoni Janubiy Amerika davlatining muvaqqat prezidenti sifatida tan oldi. Rossiya Maduroning qonuniyligi to‘g‘risida ma’lum qildi.
2022 yil oxirida Venesuela parlamenti Guaydo hukumatini tarqatib yuborish uchun ovoz berdi. 2023 yil aprelida siyosatchi Maduro hukumati tomonidan ta’qib qilinish tahdidi tufayli AQShga ketishini e’lon qildi. Iyun oyida Guaydo va Maduro o‘rtasida mamlakatdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralar qayta boshlangan.