Argentina, Gvatemala, Dominikana Respublikasi, Kosta-Rika, Panama, Paragvay, Peru, Urugvay va Ekvador hukumatlari Amerika Davlatlari Tashkilotini (OAS) Venesueladagi prezidentlik saylovidan so‘ng favqulodda yig‘ilish o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bu davlatlar saylov natijalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Agentlik keltirgan deklaratsiyada saylovchilarning xohish-irodasi hurmat qilinishini ta’minlash uchun Venesuelada mustaqil kuzatuvchilar bo‘lishi zarurligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, hujjatni imzolagan davlatlar vakillari «ovozlarni sanab chiqish shaffof bo‘lishi va natijalar shubha tug‘dirmasligi kerak», deb ta’kidladi.
Ushbu qo‘shma deklaratsiya Venesueladagi vaziyatdan ortib borayotgan xavotirni va qayd etilgan mamlakatlarning Venesuela hukumati tomonidan fuqarolarning irodasini hurmat qilishini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rish niyatlarini aks ettirish uchun mo‘ljallangan, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Venesuela Milliy saylov kengashi amaldagi prezident Nikolas Maduro saylovda g‘alaba qozonganini ma’lum qildi.
Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado so‘zlariga ko‘ra, saylovda Maduroning asosiy raqibi Edmundo Gonsales Urrutia g‘alaba qozongan.
«Venesuelada yangi prezident bor va bu Edmundo Gonsales Urrutia. Biz g‘alaba qozondik va buni butun dunyo biladi. Yaqin kunlarda haqiqat va milliy suverenitet himoyasi uchun xatti-harakatlar e’lon qilinadi», dedi u jurnalistlarga.
Venesuelada prezidentlik saylovi 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi.