Sirdaryo viloyati, Sayxunobod tumanida 21 tup qayrag‘ochni kesgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sayxunobod tumanidagi «B.X.» fermer xo‘jaligi rahbari M.A. ikki sherigi – A.A. hamda K.Z. bilan birgalikda 2023 yilning dekabr va 2024 yilning yanvar oylarida o‘ziga qarashli bo‘lgan dala maydoni chetida ko‘karib turgan jami 21 tup qayrag‘och daraxtini qonunga xilof ravishda kesgan. So‘ngra ular daraxtlarni sotib yuborgan. Daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 1 mlrd 459 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Sud hukmi bilan daraxtlarni kesganlar Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismida (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish orqali ko‘p miqdorda zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 2 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sudlanuvchilardan tabiatgi yetkazilgan 1 mlrd 459 mln so‘m zararni undirish belgilangan.
Oldinroq O‘rta Chirchiqda sotish uchun 5 tup chinorni kesganlar ozodlikdan mahrum etilgandi.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismiga ko‘ra, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.