«Shunday qizim borligidan faxrlanaman» - Mirziyoyev Keldiyorovaga qo‘ng‘iroq qildi

Sport 00:21 / 29.07.2024 19601

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijda o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha bellashuvlarning 52 kilogrammgacha vazn toifasida barcha raqibalarini yengib, olimpiya terma jamoamizga birinchi oltin medalni keltirgan Diyora Keldiyorova bilan telefon orqali muloqot qildi.

«Davlatimiz rahbari O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida ayollar o‘rtasida birinchi marta chempion bo‘lgan sportchi qizimizni tarixiy g‘alaba bilan qizg‘in tabriklab, ota-onasi va murabbiylariga minnatdorlik bildirdi», - deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

«Chin qalbimdan, xalqimiz nomidan shunday jasoratli, matonatli, fidoyi qizim borligidan g‘ururlanaman. Kamdan kam bo‘ladigan g‘alaba bo‘ldi, dunyo qoyil qoldi. O‘zbekiston obro‘sini ko‘tardingiz, rahmat qizim. Sizning g‘alabangiz o‘zbek ayoli, sevimli qizlarim nimaga qodirligini yana bir marta dunyoga namoyon etganingiz uchun minnatdorman», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Diyora Keldiyorovani uydagilari bilan gaplashganda uning nomidan ota-onasiga katta rahmat aytib qo‘yishini tayinlandi.

Prezident Diyora Keldiyorova Yangi O‘zbekistonda oltin harflar bilan tarixda qolganini ta’kidladi.

«Yangi O‘zbekistonimizda oltin harflar bilan tarixda qoldingiz qizim. Men g‘ururlandim. Mana shunday davom ettirish kerak. Bu hali katta-katta g‘alabalarning, shohsupalarning boshlanishi bo‘lishi kerak. Tariximizdagi buyuk bobolarimizga, onalarimizga munosib bo‘lib, jahonda nomimizni qoldirishga biz qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz, lekin mehnat, jasorat o‘zingizdan, qizim», dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Olimpiada chempioni bo‘lish Yangi O‘zbekiston tarixida birinchi marta tarixiy voqea ekanini, shuning uchun juda katta g‘urur va iftixor ila Diyora Keldiyorova bilan faxrlanishini aytdi.

Diyora Keldiyorova ham davlat rahbariga minnatdorchilik bildirdi.

  • Ma’lumot uchun, Diyora O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiadada oltin medal yutgan ilk ayol sportchi sifatida tarixdan joy oldi. Shu paytgacha ayol sportchilarimizdan faqatgina Yekaterina Xilko Pekin-2008da trampolindan sakrashda bronza medalini qo‘lga kiritgan va ayollar orasida medal olgan yagona sportchi edi.
  • 26 yoshli o‘zbekistonlik dzyudochi bugungi bahslarda dastlab nimchorakfinaldayoq yaponiyalik amaldagi Olimpiada chempioni Ute Abening 5 yillik mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berib, turnirdan chiqarib yuborgan bo‘lsa, chorakfinalda germaniyalik Masha Ballhausni mag‘lub etib yarimfinalga chiqqandi. Final uchun bahsda esa Keldiyorova mezbonlar vakili bo‘lgan Olimpiada-2020ning oltin (jamoaviy) va kumush medali sohibi Amandin Busharni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Finalda esa kosovalik Olimpiada-2020 chempioni Distriya Krasnichini mag‘lub etib, chempion bo‘ldi.
  • Diyor Keldiyorova turnir avvalidan va’da qilinganidek, hukumat tomonidan 200 ming AQSh dollari mukofot puliga ega chiqadi.
Ko‘proq yangiliklar: