Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hokimidan Quvasoydagi keytering korxonasiga oid qarorini bekor qilishni talab qildi

O‘zbekiston 17:26 / 29.07.2024 6214

Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi bog‘chalarga keytering xizmatini ko‘rsatish tendersiz bitta korxonaga berib yuborilishini noqonuniy deb topdi.

Kun.uz avvalroq xabar berganidek, Quvasoy shahrida bog‘cha bolalarini keytering tizimi asosida ovqatlantirish bo‘yicha respublikadagi birinchi korxona ish boshlagan bo‘lib, viloyat hokimi Xayrulla Bozorov qarori bilan bu korxonaga bog‘chalar tender o‘tkazmasdan biriktirib berilgan.

Vaholanki, tegishli tartibga asosan, davlat bog‘chalarida autsorsing usulida ovqatlantirish Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra tashkil etilishi kerak.

Raqobat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bu holatda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi buzilgan. Shunga asosan, raqobat muhitini ta’minlash uchun Farg‘ona viloyati hokimi qarorini bekor qilish va talablarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan ko‘rsatma xati yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu keytering loyihasining dastlabki tashabbuskori va turk investori Kun.uz'ga bergan intervyularida Quvasoy shahri hokimini loyihani o‘ziniki qilib olishga urinayotganlikda ayblagandi. Investorlar va shahar hokimi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqach, loyiha muassisi o‘zgargan.

Ko‘proq yangiliklar: