Agar AQShning yuqori aniqlikdagi raketa tizimlari Germaniyada joylashtirilsa, Rossiya Federatsiyasi o‘zini qisqa va o‘rta masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirishga moratoriydan ozod deb hisoblaydi. Bu haqda 28 iyul, yakshanba kuni Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining Sankt-Peterburgdagi asosiy paradida so‘zlagan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi. Bu, boshqa narsalar qatori, Rossiya dengiz flotining «sohilbo‘yi qo‘shinlari imkoniyatlarini oshirishni» anglatadi, dedi Putin.
«Bugungi kunda bir qator bunday tizimlarni ishlab chiqish yakuniy bosqichda turibdi, biz AQSh va uning Yevropa hamda dunyoning boshqa mintaqalaridagi satellitlari harakatlarini inobatga olgan holda ularni joylashtirish bo‘yicha javob choralarini ko‘ramiz», - deya «Interfaks» agentligi Rossiya prezidentining so‘zlaridan iqtibos keltiradi.
Putin ta’kidlashicha, «Rossiyaning muhim davlat va harbiy nazorat obektlari» Germaniyada joylashtirilgan Amerika raketalari yetib borish masofasida bo‘ladi. «Kelajakda yadro kallaklari bilan jihozlanishi mumkin bo‘lgan raketalarning parvoz vaqti taxminan 10 daqiqani tashkil qiladi», dedi Rossiya prezidenti. U vaziyatni sovuq urush davriga qiyosladi.
Shols: Amerika raketalarini joylashtirish urushning oldini olishga qaratilgan
Avvalroq AQSh Rossiyani tiyib turish va NATO hamkorlarini himoya qilish maqsadida Yevropada uzoq masofali raketalarni joylashtirishi haqida xabar berilgan edi. 2026 yildan boshlab 2500 kilometrgacha radiusdagi nishonlarga zarba bera oladigan «Tomagavk» raketalari Germaniyada joylashtiriladi.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qurollar Germaniyada joylashtirilishi «urush oldini olishga xizmat qiladi». Amerikaning uzoq masofali raketalarini joylashtirishni to‘xtatish uchun Moskva nima qilishi kerakligi haqidagi savolga u: «Ukrainadagi urushni to‘xtatish», deb javob berdi.
AQShning uzoq masofali raketalarini Germaniyada joylashtirishni Bundestagdagi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian ijtimoiy ittifoq fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Yoxann Vadeful ham ma’qulladi. U «boshqa davlatlarga, ya’ni o‘zini himoya qila olmaydiganlarga» hujum qilayotgan Rossiyani munosib tarzda tiyib turish zarurligiga e’tibor qaratdi.