Isroil tashqi ishlar vaziri Turkiya prezidentining tahdidiga javob qaytardi

Jahon 10:16 / 29.07.2024 28018

Isroil tashqi ishlar vaziri Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni Isroilga hujum ehtimoli oqibatlari haqida ogohlantirdi. «Erdo‘g‘an Saddam Husaynning izidan bormoqda va Isroilga hujum qilish bilan tahdid qilmoqda, u yerda (Iroqda) nima bo‘lganini va hammasi qanday yakunlanganini eslab ko‘rsin», — deb yozdi Kats 28 iyul, yakshanba kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida. U Turkiyaning amaldagi rahbari va Iroq sobiq prezidenti tasvirlangan fotokollajni joylashtirdi.

Bundan bir necha soat oldin turk prezidenti Turkiya boshqa davlatlar va hududlar bilan o‘tmishda bo‘lgani kabi Isroilga ham «kirishi» mumkinligini aytdi. Erdo‘g‘an qanday aralashuvni taklif qilayotganiga aniqlik kiritmadi. Falastin milliy ma’muriyati bilan «Isroil bu bema’ni ishlarni qilolmasligi uchun biz juda kuchli bo‘lishimiz kerak», dedi u Rize shahrida o‘zining hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi yig‘ilishida. «Biz Qorabog‘ga, Liviyaga kirganimizdek, ular bilan ham (Isroil) shunday qilishimiz mumkin», – deya ta’kidladi Turkiya rahbari. «Biz buni qila olmasligimiz uchun hech qanday sabab yo‘q... Bu qadamlarni qo‘yish uchun kuchli bo‘lishimiz kerak», - deya qo‘shimcha qildi Turkiya rahbari keyinchalik televideniye orqali qilgan murojaatida. 

HAMAS harakatining Isroilga hujumiga javoban G‘azo sektorida Isroil armiyasi harbiy amaliyoti boshlanganidan beri Isroil va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan. Erdo‘g‘an HAMASni «ozodlik tashkiloti» deb atagan va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Adolf Hitlerga qiyoslagan. Iyul oyi o‘rtalarida Turkiya rahbari uning mamlakati Falastin hududida barqaror tinchlik o‘rnatilmaguncha, NATO va Isroil o‘rtasidagi hamkorlikka endi rozi bo‘lmasligini aytgan edi. 

Turkiya Liviyani qanday qo‘llab-quvvatlaydi?

2020 yilda Turkiya BMT tomonidan tan olingan Liviya Milliy kelishuv hukumatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Liviyaga o‘z qo‘shinlarini yuborgan, deya eslatadi Reuters. Anqara Ozarboyjonning Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy amaliyotlariga bevosita aloqadorligini rad etadi, biroq 2023 yilda o‘zining yaqin ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash uchun «barcha vositalarni, jumladan, harbiy tayyorgarlik va modernizatsiyani qo‘llashini» bildirgan.

Iroqda Husayn rejimining ag‘darilishi 

2003 yilda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroqqa bostirib kirdi. Harbiy operatsiya Saddam Husayn rejimining ag‘darilishiga olib keldi. 2006 yil dekabrida Husayn 1982 yilda Iroqning Dujayl shahrida shialarni qirg‘in qilganlikda ayblanib qatl etilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: