Germaniya jinoyatchilarni Suriya va Afg‘onistonga deportatsiya qilishni qayta boshlaydi

Jahon 09:40 / 29.07.2024 3297

Germaniya Suriya va Afg‘onistondan bo‘lgan jinoyatchilarni o‘z mamlakatlariga deportatsiya qilishni qaytadan boshlaydi. Xususan, zo‘ravonlik bilan jinoyat sodir etganlarni deportatsiya qilish rejalashtirilmoqda, dedi Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer 28 iyul, yakshanba kuni chop etilgan Bild am Sonntag gazetasiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, deportatsiya Suriya va Afg‘oniston bilan chegaradosh davlatlar orqali amalga oshiriladi. «Biz Afg‘oniston va Suriyaga deportatsiya qilish imkoniyatini yaratish uchun turli davlatlar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz», dedi nemis vaziri. 

Ustuvorlik - Germaniya xavfsizligi

Fezer, shuningdek, Germaniyaning xavfsizlik manfaatlari aniq ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Tez orada federal politsiya federal yerlarga suriyaliklar va afg‘onistonliklarni deportatsiya qilishda yordam berishni boshlaydi. Germaniyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan har bir kishi endi tezroq ketadi, dedi u. 

Ayni paytda, Bild am Sonntag gazetasining yozishicha, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Suriyadagi vaziyat bo‘yicha maxfiy tahlil tayyorlab, bu mamlakatning turli hududlarida «shiddatli jangovar operatsiyalar» davom etmoqda degan xulosaga kelgan. Shu sababli, BMT mezonlariga muvofiq, «qochoqlarning Suriyaga xavfsiz qaytishi uchun hech qanday shart-sharoit yo‘q», deyiladi ma’lumotda. 

Germaniyadan muhojirlarni chiqarib yuborish masalasi muhokamasi

Boshpana olish huquqiga ega bo‘lmagan muhojirlarni Germaniyadan chiqarib yuborish zarurligi haqidagi bahs may oyi oxirida Manxaymda Pax Europa guruhining mitingi ishtirokchilariga afg‘onistonlik hujum qilganidan so‘ng yana kuchaygan edi. Berlin 2021 yilda toliblar hokimiyatni egallab olgani sababli afg‘onlarni o‘z vataniga chiqarib yuborishni to‘xtatdi.

Xususan, may oyida Germaniyaning muhojirlarni deportatsiya qilish uchun mas’ul bo‘lgan federal yerlari ichki ishlar vazirlari og‘ir jinoyat sodir etgan yoki xavf tug‘diruvchi bo‘lgan ushbu davlat fuqarolarini Afg‘oniston va Suriyaga deportatsiya qilish zarurligini e’lon qilgan. Afg‘onistonga odamlarni chiqarib yuborish tashabbusi gumanitar tashkilotlar, shuningdek, so‘l partiyalar tomonidan tanqid qilinadi. 

Ko‘proq yangiliklar: