Farg‘onada “Mirzo Ulug‘bek vorislari”ga va’da qilingan mukofot pullari berilmadi, nega?

O‘zbekiston 21:54 / 29.07.2024 7803

O‘zbekistonda 2022 yildan boshlab iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy-texnik faoliyatga keng jalb etish maqsadida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovi o‘tkazib kelinadi.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan tanlov nizomiga ko‘ra, jarayon 3 bosqich: tuman/shahar, viloyatlar va respublika miqyosida o‘tadi. Ishtirokchilar dastlab tanlov uchun ro‘yxatdan o‘tishi, keyin IQ testdan 110 balldan past bo‘lmagan ko‘rsatkichni olishi va aniq bir g‘oya yoki loyihasi bilan taqdimot o‘tkazishi kerak.

Shu talablarga javob bergan, tuman va shaharlar kesimida g‘olib deb topilgan 100 ga yaqin farg‘onalik yoshlar Kun.uz'ga murojaat qildi. Unga ko‘ra, tuman va viloyatlarning tanlovi mart-aprel oylarida yakunlangan. Hozir esa iyul oyi tugayapti, ularga haligacha sertifikatdan boshqa hech narsa berilmagan, tanlov nizomida ko‘rsatilgan bir martalik mukofot pulidan darak yo‘q.

Farg‘onaning Marg‘ilon shahridanman. 14 mart kuni shahar tanlovida ishtirok etib, g‘oliblik sertifikatini olganman. 4 oydan oshyapti, hali mukofot pulimizni olganimiz yo‘q. Qancha kutish kerak yana? “Hokimlik pul ajrtishi bilan beramiz, pul yo‘q”, deyishyapti.

Farg‘onada har chorshanba – viloyat hokimligi qabul kuni. 3 iyul kuni qabulga bordim, vaziyatni aytdim. Xabar berishlarini aytishdi, o‘shandan 1 hafta o‘tdiki, xabar qilishmadi.

Namangan, Qashqadaryo, Andijon, Toshkent viloyatlari mukofot pullarini olgan xolos. Qolgan hamma joyda shu muammo dolzarbligicha qolyapti”, – deydi Gulnozaxon Qozixonova.

Viloyatning Toshloq tumanidan bo‘lgan Asliddin Rahmatjonovning aytishicha, va’da qilingan pullar faqat respublika darajasida o‘tgan tanlov g‘oliblariga qoplab berilgan, avvalgi ikki bosqichda esa berilmagan.

Tuman, shaharlardagi hokimliklarga bir necha bor Telegram'dagi murojaatlar uchun ochilgan guruhlarga yozsak ham javob kelmadi, ba’zi bir tuman, shahar hokimlarining o‘ziga ham murojaat qilingan, lekin natija yo‘q. Viloyat hokimligini aytmasa ham bo‘ladi, chunki ularga bu haqda og‘zaki murojaat qilganimizda bunday tanlovdan xabarlari yo‘qligini, murojaatni yig‘ilishda ko‘rib chiqib, natijasi haqida bizga xabar berishlarini aytishgandi. O‘sha-o‘sha natija yo‘q.

Bu tanlovda qatnashgan yoshlar birgina Farg‘ona viloyatida 95 nafar. Ularga va’da qilingan bir martalik pul mukofotini bermasdan, cho‘zib yurgan amaldorlar, iltimos, yoshlarga va’da qilingan pul mablag‘larini vaqtida berishingizni so‘rayman”, – deydi u.

Respublika bosqichigacha chiqib g‘olib bo‘lgan Asadbek Zokirov tanlov nizomida nomukammallik borligini aytmoqda.

Nizomda pul mukofoti bilan taqdirlashning aniq vaqt oralig‘i haqida so‘z yuritilmagan. Respublika bosqichida pul mukofoti bilan taqdirlash haqida aniq sana berilgan, ya’ni 10 kun ichida, lekin mahalliy bosqichlar uchun bunday deya olmaymiz.

Hozirgi nizom bo‘yicha mahalliy hokimlik mablag‘larni asrning oxirida berishga ham haqli. Mana shuning ustida ishlash kerak aslida”, – deydi u.

Nizom bo‘yicha qancha mukofot puli va’da qilingan?

Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan hujjatga ko‘ra, tanlovni o‘tkazishda Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Ulug‘bek” jamg‘armasi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashkilotchi sifatida mas’ul etib tayinlangan.

Tanlovning 1-, 2- va 3-bosqichlari g‘oliblari tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1,7 mln so‘m), 10 baravar (3,4 mln so‘m) va 20 baravari (6,8 mln so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofotlari va tegishli diplom bilan taqdirlanishi kerak.

Nizomda haqiqatan ham 1- va 2-bosqichlarda taqdirlash qachon bo‘lishi yozilmagan, faqat respublika, ya’ni 3-bosqichniki ochiqlangan. Unga ko‘ra, natijalar e’lon qilingandan so‘ng 10 kun ichida g‘oliblar taqdirlanishi lozim, bu pullar “Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan berilishi aytilgan.

1- va 2-bosqichlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq xarajatlar esa mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi belgilangan. Shundan kelib chiqilsa, Farg‘ona viloyati hokimligi bu jarayonda bevosita mas’ul tashkilot sanaladi.

Tuman (shahar)lar va viloyat bosqichi g‘oliblari yaqin kunlarda taqdirlanadi” — hokimiyat

Farg‘ona viloyati hokimining matbuot kotibi Dilmurod Jumaboyevning Kun.uz savoliga javoban ma’lum qilishicha, tuman (shahar)lar va viloyat bosqichi g‘oliblari yaqin kunlarda taqdirlanadi.

2024 yilning ikkinchi choragi yakuni bo‘yicha viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisob-kitobi Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi tomonidan yakunlangan. 31 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga ushbu masala ham kiritilgan.

Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining tuman (shahar)lar va viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash masalasi sessiya qarori bilan tasdiqlangandan so‘ng, yaqin kunlarda g‘oliblarning pul mukofotlari yetkaziladi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Shuningdek, Jumaboyevga ko‘ra, bu holat birgina Farg‘onada emas, butun respublikada kuzatilmoqda. U hech qaysi viloyatda 1- va 2-bosqich g‘oliblariga mukofot puli berilmaganini aytdi. Lekin ochiq ma’lumotlar buni rad etadi. Xususan, shu yil bahorda ushbu tanlov bilan bog‘liq xarajatlar uchun Navoiy viloyati hokimi 190 mln, Namangan viloyati hokimi 170 mln so‘m, Xorazm viloyati hokimi 69 mln so‘m ajratgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovida ishtirok etish uchun respublika bo‘yicha 47 514 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: