Bloomberg Harrisning AQSh vitse-prezidenti lavozimiga nomzodlarini ma’lum qildi

Jahon 08:36 / 29.07.2024 2406

27 iyul kuni Bloomberg agentligining xabar berishicha, Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga ehtimoliy nomzod Kamala Harris vitse-prezidentlikka nomzodlar qisqa ro‘yxatiga ega. Agentlik manbalariga ko‘ra, Harrisning potensial nomzodlar ro‘yxatiga Arizonadan senator va sobiq astronavt Mark Kelli, Pensilvaniya gubernatori Josh Shapiro va Minnesota gubernatori Tim Uolz kiradi. Bloomberg ta’kidlashicha, bu amaldorlar «umummilliy jozibaga» ega. 

Harris allaqachon o‘z jamoasiga potensial nomzodlarni tekshirishni boshlashni buyurgan, dedi nashrga uning kampaniyasi vakili. Bu nafaqat huquqiy ko‘rib chiqish, balki siyosatchilar bilan «tvitlar, nutqlar va videolar»ni o‘rganishni ham o‘z ichiga oladi, dedi demokrat maslahatchi Karen Finni. Harris 7 avgustgacha o‘z nomzodini tanlashi kutilmoqda. 

«Markaziy qarashlarga ega oq tanli erkaklar» 

Nashrga ko‘ra, Xarris ro‘yxatidagi nomzodlarning aksariyati «markaziy qarashlarga ega oq tanlilar» bo‘lib, ular ikkilayotgan shtatlardagi saylovchilar, taniqli tadbirkorlar va donorlar ovozini jalb qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, qisqa ro‘yxatdagi amaldorlar «Tramp va uning otashin siyosiy uslubiga hujum qilish tajribasi»ga ega. Kamala Harrisning bo‘lajak ittifoqchisi unga «kampaniyani o‘tkazishda va uning nomidan pul yig‘ishda yordam beradi, kuchli tomonlarini to‘ldiradi va zaif tomonlarini qoplaydi», deb ta’kidlaydi Bloomberg. 

Baydenning poygadan chiqishi va Harris nomzodi

Jo Bayden AQSh prezidentligi saylovidan o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qildi. Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi. 

Bayden o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif qilib, uni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashini» bildirdi. Keyinchalik Kamala Harris respublikachi Donald Trampni mag‘lub etish uchun «Demokratik partiya va xalqni birlashtirish» maqsadida «hamma narsani qilishini» qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, AQSh prezidenti Jo Bayden poygadan chiqqanidan so‘ng, vitse-prezident Kamala Harris bo‘lajak saylovlarda nomzod bo‘lish uchun Demokratik partiya delegatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini e’lon qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: