Yaponiya va AQSh mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda. 28 iyul, yakshanba kuni Tokioda «2+2» formatida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Yaponiyada AQSh qo‘mondonligi ostida yangi qo‘shma kuchlar shtabi tashkil etiladi, unga 54 ming askardan iborat operativ qo‘mondonlik beriladi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken, Pentagon rahbari Lloyd Ostin, Yaponiya tashqi ishlar va mudofaa vazirlari Yoko Kamikava va Minoru Kixara uchrashuvda ishtirok etdi.
Bu qaror Tayvan atrofida va Koreya yarimorolida inqiroz avj olgan taqdirda ikki davlat armiyasini yanada moslashuvchan qilishi kutilmoqda. Ayni paytda Yaponiyadagi AQSh qo‘shinlari Havayidagi Hind-Tinch okeani qo‘mondonligiga bo‘ysunadi, u 19 soatlik vaqt farqi bilan 6500 km uzoqlikda joylashgan.
Rossiya va Xitoyning harakatlarini tanqid qilish
Bundan tashqari, AQSh va Yaponiya vakillari Rossiya Federatsiyasi va Xitoyning harbiy sohadagi harakatlarini qattiq tanqid qildi. Bayonotda Rossiyaning «Xitoy Xalq Respublikasi bilan o‘sib borayotgan va provokatsion strategik harbiy hamkorligi», jumladan, Yaponiyaga yaqin joyda qo‘shma amaliyot va mashqlar o‘tkazayotgani hamda Xitoyning Rossiya mudofaa sanoati bazasini qo‘llab-quvvatlayotganiga ishora qilinadi.
Shu bilan birga, Pekinning tashqi siyosati «xalqaro tartibni o‘z manfaatlari yo‘lida boshqalar hisobiga o‘zgartirishga qaratilgan», deb ta’kidladi Amerika va Yaponiya vazirlari. Bayonotda, shuningdek, Xitoyning «o‘z niyatlari haqida hech qanday shaffofliksiz davom etayotgan yadro arsenalini tez sur’atlar bilan kengaytirishi va XXR buni ommaga ochiq bo‘lgan dalillarga qaramay tan olishdan bosh tortayotganidan» xavotir bildirilgan.
Bundan tashqari, vazirlar «Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hamkorlikning chuqurlashishini keskin qoraladilar», Rossiyaning Ukrainaga qarshi foydalanish uchun Shimoliy Koreyadan ballistik raketalarni sotib olgani, bu «BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishi» ekanligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, AQSh-Yaponiya ittifoqi «Hind-Tinch okeani mintaqasida va undan tashqarida tinchlik, xavfsizlik va farovonlikning tamal toshidir», deb ta’kidladi yig‘ilish ishtirokchilari.
Yaponiya, AQSh va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi
«2-2» formatidagi uchrashuv oldidan Janubiy Koreya mudofaa vaziri Shin Von Sik ishtirokida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi, uning davomida xavfsizlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Hujjatda, jumladan, har yili uch tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish va KXDRning ommaviy qirg‘in qurollarini yaratish dasturi bo‘yicha ma’lumotlar almashish belgilangan. Keyingi uchrashuv 2025 yilda Seulda bo‘lib o‘tadi, dedi Yaponiya mudofaa vaziri Minoru Kixara.