Ikkinchi jahon urushida g‘oliblar bo‘lmagan va u barcha uchun fojia edi. Birgina urushning asosiy g‘olibi deyiladigan SSSRda 20 mln odam halok bo‘lgan, o‘n minglab shahar va qishloqlar butunlay vayronaga aylangandi.
O‘lganlar o‘rnini urushdan so‘ng tug‘ilganlar to‘ldirdi, shahar va qishloqlar qayta tiklandi. Oradan 10 yil o‘tganda, 1950-yillar o‘rtalarida odamlar hech narsa bo‘lmaganday yashashda davom etardi.
Biroq urushning asosiy mag‘lublaridan biri bo‘lgan Yaponiya haqida bunday deb bo‘lmasdi. Bu davlat urush yakuni arafasida hali insoniyat umuman boshidan o‘tkazmagan fojiaga duch keladi.
Amerikaliklar Yaponiyaning ikkita shahriga atom bombasi tashlashadi. Oqibatda har ikki shahar butunlay vayronaga aylanadi va unda yashab turganlarning asosiy qismi halok bo‘ladi. Tirik qolganlar esa radiatsiya bilan nurlanib, nogironga aylanadi.
Eng yomoni – atom bomba tashlangan Xirosima va Nagasakida radiatsiya ta’siri saqlanib qolmoqda. Shu sababli hanuzgacha bu yerda nogiron bolalar tug‘iladi.
Xirosimaga atom bomba tashlanganda tirik qolganlar orasida ikki yoshli Sadako Sasaki ham bo‘lgan. Bu qizcha tirik qolgani bilan nurlanish kasaliga chalingan va nogiron bo‘lib qolgandi.
Shu sababli u atom bombasi tashlangandan so‘ng bor-yo‘g‘i 10 yil yashaydi va 1955 yilda 12 yoshida vafot etadi. Sadako vafot etganda butun dunyo motam tutgan edi.
Xirosimaga atom bombasining tashlanishi
1945 yil 6 avgust kuni AQShning B-29 (Enola Gay) bombardimonchi samolyoti Yaponiyaning Xirosima shahriga Little Boy (“Kichik bola”) deb atalgan atom bombasini tashlaydi. Bu bombaning kuchi 13–18 kilotonna trotil ekvivalentiga teng edi.
Bomba yerga yetmasdan 500 metr balandlikda portlaydi. Oqibatda havoda kuchli ovoz va chaqin sodir bo‘ladi. Undan hosil bo‘lgan kuchli olov va issiq shamol yerga qarab yo‘naladi. Oqibatda butun Xirosima o‘t ichida qoladi.
Portlash episentridan 2 kilometr radiusda bo‘lgan odamlarning aksariyati o‘sha zahoti kuyib ketadi. Portlash to‘lqini episentrdan 19 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi oynalarni sindirib yuboradi. Portlash paytida uning issig‘i yetib bormagan odamlar oradan biroz o‘tib yong‘inlar va radiatsiya to‘lqini tufayli halok bo‘ladi.
O‘sha paytda Xirosimada 340 ming kishi yashagan va bomba portlashi oqibatida ularning 166 ming nafari halok bo‘lgan. Boshqa bir manbada atom bomba tashlanishi paytida Xirosimada 245 ming nafar aholi mavjudligi va ulardan qariyb 200 ming nafari halok bo‘lgani keltiriladi.
Sadako Sasakining fojiali qismati
1945 yil 6 avgust kuni Xirosimaga atom bomba tashlanganda Sadako 2 yoshda bo‘lgan va shahar chetida ota-onasi bilan yashayotgan edi. Qizcha yashayotgan joy portlash episentridan ikki kilometr masofada bo‘lgan.
Bomba portlagan paytda Sadako, uning aka-ukalari va ota-onasi uy ichida bo‘lgan. Ana shu ularning jonini saqlab qoladi. Ona portlashdan so‘ng qizini tekshirib ko‘radi va unda hech qanday jarohat yo‘q edi. Biroq ular radiatsiya tufayli nurlanishgan edi.
Sadako 1954 yil, 11 yoshigacha me’yorida ulg‘ayib boradi. Biroq o‘sha yili uning sog‘ligida jiddiy muammolar boshlanadi. Tekshirib ko‘rishganda qizda oqqon kasali aniqlanadi va Sadako shifoxonaga yotqiziladi.
O‘shanda shifokorlar qizcha oqqon kasalligi bilan uzoq yashay olmasligini ma’lum qiladi. Vaqt o‘tgan sayin Sadakoning ahvoli og‘irlashib boraveradi.
1955 yil oktyabr oyiga borib uning tanasi binafsharang tusga kira boshlaydi. Qiz hech narsa yemay qo‘yadi. 25 oktyabr kuni ertalab Sadako choy hamda qaynatilgan guruch so‘raydi va ulardan ozgina tatib ko‘radi.
So‘ng oilasidagilarga g‘amxo‘rlik qilishayotgani uchun minnatdorchilik bildiradi. Bu uning oxirgi so‘zlari bo‘ladi va Sadako jon beradi. O‘shanda u 12 yoshda edi.
Qog‘ozdan yasalgan mingta turna
1955 yil avgustda Sadako oqqon bilan davolanayotgan bir qiz bilan tanishib qoladi. Kiyo ismli bu qiz Sadakodan ikki yosh katta bo‘lib, u ham oqqondan davolanayotgan edi.
Kunlarning birida Kiyoning do‘stlari unga qog‘ozdan yasalgan turnalar olib keladi. O‘shanda Sadako ham o‘ziga qog‘oz turnalar sovg‘a qilishlarini juda xohlaydi va bu haqda otasiga aytadi.
Otasi unga turnalar haqidagi afsonani so‘zlab beradi. Qiz afsonadan juda ta’sirlanadi va qog‘ozdan turna yasashni o‘rganib oladi. So‘ng qo‘liga tushgan qog‘ozdan turnalar yasay boshlaydi.
Ko‘p o‘tmay Sadakoga dugonalari maktabdan qog‘oz olib kelib beradi. Qiz mingta turna yasashga ahd qiladi. Sadako tez orada o‘lishini bilardi. U maqsadiga erishish uchun qattiq og‘riqlarga qaramasdan turna yasashda davom etadi.
Qiz jon berguniga qadar 644 ta turna yasashga ulguradi. Sadako vafot etgandan so‘ng uning do‘stlari uning ishini yakunlab qo‘yishadi. Turnalar mingta bo‘lgandan so‘ng qizni o‘sha qog‘oz turnalar bilan birga ko‘mishadi. Boshqa bir ma’lumotga ko‘ra, Sadako vafot etgunicha 1300 ta qog‘oz turna yasaydi.
Sadakoning akasi Masaxiro keyinchalik o‘zining avtobiografik kitobida singlisi vafot etgunicha mingta qog‘oz turnani yasab bo‘lganini yozgan.
Keyinchalik Sadakoning oilasi u yasagan qog‘oz turnalarning bir qismini dunyodagi turli muzeylarga sovg‘a qilishadi. Jumladan, qiz yasagan turnalar Nyu-Yorkdagi memorial muzeyida, Perl-Xarbordai, Harri Trumen nomidagi prezident muzeyida, Yapon-Amerika milliy muzeyiga va boshqa muzeylarga qo‘yilgan.
Sadako Sasaki – yadro qurollari qo‘llanishiga qarshi timsol
Sadako vafot etgani va u yasagan mingta qog‘oz turna haqidagi xabar butun dunyoga tarqaladi. Shundan so‘ng Yer yuzining turli burchaklarida bolalar qog‘ozdan turnalar yasab, ularni Yaponiyaga jo‘natishadi yoki Yaponiya elchixonalariga olib borishadi.
Shuningdek, garchi vafot etgan bo‘lsa ham Sadakoga maktublar yozishadi. Bugun yoshi kattalar yaxshi eslaydi, o‘sha paytda Sadakoning xotirasi uchun qog‘oz turnalar o‘zbekistonlik bolalar tomonidan ham yasalgan.
Sadako vafotidan so‘ng Yaponiyada unga yodgorlik o‘rnatish harakati boshlanadi. 1958 yilda Xirosimadagi Tinchlik bog‘ida Sadako Sasakiga yodgorlik o‘rnatiladi. Yodgorlik qog‘ozdan yasalgan turnalar ko‘rinishida edi.
Ko‘p o‘tmay AQShda ham yapon qiziga yodgorlik o‘rnatila boshlanadi. Ularning birinchisi Vashington shtati markazi Sietl shahridagi Tinchlik bog‘iga qo‘yilgan. Bu yerda Sadakoning haykali bor va u qog‘ozdan yasalgan turnani ushlab turibdi.
Keyinchalik dunyoning yana boshqa shaharlarida Tinchlik bog‘lari tashkil qilinadi va ularda ham Sadakoga yodgorliklar o‘rnatiladi.
Sadako badiiy adabiyot va san’atda
Matonatli yapon qizining nomi dunyoga mashhur bo‘lar ekan, turli davlatlarda u haqda kitoblar yoziladi. Multfilmlar, hujjatli va badiiy filmlar suratga olinadi.
Jumladan, u haqdagi eng mashhur asar kanadalik yozuvchi Eleanor Koer qalamiga mansub “Sadako va mingta qog‘oz turna” romani hisoblanadi. Bu roman 1977 yilda chop etilgan va u asosida film ham suratga olingan.
Shuningdek, avstriyalik yozuvchi Karl Brukner tomonidan yozilgan “Bomba kuni” romani (1961) ham mashhur va u ham dunyoning juda ko‘p tillariga tarjima qilingan.
Sadakoning tarixini eshitib ta’sirlangan avar shoiri Rasul Hamzatov “Turnalar” nomli poema yozgan. Bu poema ham ko‘p tillarga tarjima qilingan.
Bundan tashqari, uzoq yillardan buyon dunyodagi ko‘plab musiqiy guruhlar, xonandalar Sadako xotirasiga qo‘shiq kuylagan.
1990 yilda AQShning Sietl shahrida Yaxshi niyat o‘yinlari o‘tkaziladi. O‘shanda musobaqaning ochilish marosimida sietllik 400 nafar maktab o‘quvchisi stadionga kelganlarga 20 ming dona qog‘oz turna tarqatib chiqishadi.
Har yili 6 avgust kuni Yaponiyada va dunyoning bir qancha davlatlarida Sadako xotirasiga Tinchlik kuni o‘tkaziladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.