Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Kongressdagi nutqini 90 ga yaqin kongressmen boykot qildi, shunga qaramay, qolgan qonunchilar uni olqishlarga ko‘mdi. Isroil rahbari o‘z nutqida Eronga qarshi ko‘p tomonlama harbiy alyans tuzishga chaqirdi. “Geosiyosat” tashrif davomidagi shu va boshqa voqealarni sharhlash uchun ekspertlar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimovga murojaat qildi.
Ko‘pdan ko‘p qarsaklar
Farhod Karimov: — Kongressmenlar Netanyahuning nutqini tinglashdan ko‘ra ko‘proq uni qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ilgandek ko‘rindi, chunki har qanday gapdan keyin hamma turib olqishladi. Go‘yoki AQShning maxsus vakili qandaydir missiyani qoyillatib bajardi-yu, endi uni qo‘llab-quvvatlash kerakdek taassurot uyg‘ondi. Albatta, bunda asosiy olqish respublikachilar tomonidan bo‘lganini ta’kidlash kerak.
Minglab amerikaliklar esa Netanyahuni namoyishlar bilan kutib oldi. AQShdagi so‘l yahudiylar, ortodoksallar bu chiqishni yaxshi kutib olishmadi, albatta. Hatto Kongressdan o‘rin olgan o‘nlab demokratlar ham bu nutqni eshitmaslikka qaror qilishdi va o‘z noroziliklarini bildirib turishdi.
Umuman, AQShda Isroil va Netanyahuga bo‘lgan munosabat farq qiladi. Isroil davlat sifatida so‘zsiz qo‘llab-quvvatlanadi, lekin sionist Netanyahuga minglab bolalar, yoshlar, ayollarning begunoh o‘limiga sabab bo‘lgan shaxs sifatida, shuningdek, oziq-ovqat yetishmovchiligi, ichimlik suv taqchilligiga sabab bo‘layotgan shaxs sifatida qarashadi.
“Netanyahuning xohishi – Trampning hokimiyatga qaytishi”
Kamoliddin Rabbimov: — Aytish mumkinki, Jo Baydenning hokimiyatga kelishi bilan Isroil va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar ancha sovuqlashdi. Isroilni eng ko‘p qo‘llab-quvvatlagan AQSh prezidenti Donald Tramp bo‘lsa, Isroilga eng salbiy munosabatda bo‘lgan davlat rahbari Barak Obamadir. Obama prezidentligi vaqtida Bayden vitse-prezident edi. Demokratlar Yaqin Sharqda umumiy kompleksni shakllantirgan holda boshqa davlatlar bilan kelishish yo‘lini tutdi. Tramp esa bu borada shavqatsiz siyosatni yuritib, kuch ishlatish yo‘lini tanladi. Ya’ni AQShga yaqinlashishning sharti bu Isroilni qabul qilishdir. Chunki ko‘plab arab davlatlari Isroilni davlat sifatida qabul qilmagan edi. Ammo Tramp arab davlatlariga bosim o‘tkazib, Isroilni davlat sifatida qabul qilishlarini talab qilgan. Arab davlatlari orasida qabul qilmaslik pakti mavjud bo‘lib, buni faqat Iordaniya va Misr buzishga majbur bo‘lgan edi, Isroil bilan urushlarda o‘zining hududini yo‘qotgandan keyin. Ammo Bahrayn, Marokash, BAA kabi davlatlar Tramp davrida Isroil bilan munosabatlarini ancha yaxshilashdi. Ko‘pgina arab davlatlari AQShga yaqinlashish maqsadida Isroil bilan hisoblashishiga to‘g‘ri keldi.
7 oktyabrdan keyin Isroilning reputatsiyasi ancha salbiylashdi. Chunki o‘rtacha hisobga ko‘ra 38-39 mingga yaqin falastinlik tinch aholi qirib yuborildi. Ularning kattagina qismini bolalar, ayollar tashkil etgan. Bu kabi holatlar demokratik davlatlarning Isroil hukumatiga bo‘lgan munosabatini salbiylashtirdi, albatta. Netanyahuning asosiy maqsadi – Tramp hokimiyatga qaytgani holda, avvalgi siyosiy rejalarni birga amalga oshirishni davom ettirish. Ammo Bayden hokimiyatda bo‘lgan vaqtda Netanyahuning Kongressga tashrifi orqaga surilib kelinayotgan edi.
AQSh Isroildan voz kechishni xohlamaydi, ammo boshqa arab davlatlari bilan ham munosabatlarni mo‘’tadil ushlab turishga harakat qiladi. Isroil esa mintaqadagi birinchi ittifoqchi sifatida hamma narsa o‘z rejalari asosida amalga oshishini istaydi. Lekin bu AQShning global manfaatlariga mos kelmaydi.
Bu tashrifdan asosiy manfaatdor – Netanyahu
Farhod Karimov: — Ko‘plab kongressmenlar bu nutqda nafaqat ishtirok etishmadi, balki ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida bunga o‘z yondashuvlarini bildirib o‘tishdi. Misol uchun, mashhur siyosatchi Tomas Milson o‘z intervyusida aytishicha, bu chiqishdan maqsad aslida AQSh va Isroil munosabatlarini yaxshilash emas. Chiqishning asosiy maqsadi – birinchidan, Netanyahuning siyosiy faoliyatini yaxshilash va Isroilda uning siyosiy obro‘sini yuqori pog‘onaga olib chiqish. Ikkinchidan, G‘azodagi Netanyahuning siyosatini inkor etayotgan turli guruhlarga uning orqasida AQShdek davlat turganini bildirib qo‘yish uchun amalga oshirildi, deb baholaydi. Ya’ni bu yerda asosiy masala muammoni hal qilish emas, balki butun dunyo hamjamiyatini chalg‘itishdir.
Shuningdek, AQShda so‘l yahudiylar ham mavjud bo‘lib, ularning fikricha AQShdagi bu siyosat butun dunyoda yahudiylarga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirib yubormoqda. Bu esa Isroil hukumatining eng katta xatolaridan biri aslida. Netanyahuning nutqida shuningdek bu masala sivilizatsiya va varvarlar o‘rtasidagi kurash deb baholanishi ham o‘sha qatlamning kuchli noroziligiga sabab bo‘ldi va bu masalani sivilizatsiya darajasiga ko‘tarishning mavridi emas edi degan fikrdalar. Siyosatshunos olimlar ham bu chiqishga o‘z fikrlarini bildirib ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilishmoqda. Ularning fikricha, Netanyahuning bu siyosati AQShda jamiyatning bo‘linishiga sabab bo‘lmoqda, bu esa yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat deb baholanyati.
Eronga qarshi alyansdan maqsad nima?
Farhod Karimov: — AQShni mintaqadagi harbiy jarayonlarga tortish uchun qandaydir institutsional shakl kerak. Iordaniya va Qatarda AQShning harbiy bazalari bor, lekin Netanyahu bu markazda Isroilning o‘zi turishini istab, ushbu loyihani taklif qilmoqda. Va AQShda bu borada tajriba bor, 1958 yilda Bag‘dod pakti imzolangan bo‘lib, bu pakt harbiy alyans tuzishga asos bo‘lgan. Xuddi ana shu amaliyotni qayta joriy etish g‘oyasi ilgari surilmoqda Netanyahu tomonidan. Bu yerda Eron va terrorizm bahona sifatida ko‘rsatilmoqda.
Kamoliddin Rabbimov: — Bu aslida Netanyahuning loyihasi bo‘lib, agar demokratlar hokimiyatda qoladigan bo‘lsa bu loyiha amalga oshmasligi aniq, albatta. Ammo Netanyahu Yaqin Sharqdagi davlatlarga dushman sifatida Eronni ko‘rsatmoqda va bu loyihani qo‘llashlari kerakligini ta’kidlamoqda. Ammo Yaqin Sharqdagi geosiyosiy jarayon ancha o‘zgargan, Eron va Saudiya o‘rtasidagi munosabatlar ancha iliqlashgan.
Ekspertlar sharhi bilan to‘liq holda video orqali tanishing.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.