Shveytsariya Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadni Ukrainaga bermaydi

Jahon 22:46 / 27.07.2024 9831

Shveytsariya, Yevropa Ittifoqi qaror qilganidek, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadlarni Ukrainaga o‘tkazmaydi. Bu haqda Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (Shveytsariya Iqtisodiyot vazirligining bo‘limi) jurnalistlariga ma’lum qildi, deb yozdi Swissinfo.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, Shveytsariya qonunlari va xalqaro majburiyatlari Rossiya Markaziy banki mablag‘laridan har qanday maxsus daromad olishga to‘sqinlik qiladi. Shu tufayli, Ukrainaga beriladigan hech narsa yo‘q.

Qayd etilishicha, joriy yilning aprel oyi holatiga ko‘ra, Shveytsariya yurisdiksiyasida Rossiya Markaziy bankining 7 milliard Shveytsariya frankidan sal ko‘proq miqdoridagi aktivlari muzlatilgan. Shu bilan birga, Rossiya Markaziy bankining mablag‘lari Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgan jismoniy shaxslar va kompaniyalarga tegishli muzlatilgan aktivlardan alohida saqlanadi.

26 iyul kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan dastlabki 1,5 milliard yevro daromadni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yubordi. Bu Yevropa Ittifoqi operatorlari va markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariylari olgan daromad, bir paytlar rossiyaliklar ularga o‘z aktivlarini joylashtirgan.

Ukraina bu mablag‘larni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olmaydi, ular Ukrainaning harbiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatni qayta qurishni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasi va Ukraina jamg‘armasi orqali yo‘naltiriladi.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov so‘zlariga ko‘ra, ushbu sxema bo‘yicha Ukraina har yili taxminan 2,5-3 milliard yevro oladi.

Ko‘proq yangiliklar: