Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Moskvaning Sheremetevo aeroportida terakt tayyorlash bo‘yicha ish bo‘yicha ayblanuvchilarga hukm chiqardi: 48 yoshli Mixail Dariy 22 yilga, 28 yoshli Ilya Kovilkov esa 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Mediazona» muxbiri 26 iyul, juma kuni sud zalidan xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ular jazo muddatining dastlabki uch yilini qamoqxonada, qolgan muddatini esa qattiq tartibli koloniyada o‘tkazadi. Shuningdek, mahkumlarning har biri 600 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi. Bundan tashqari, Dariyga jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, ikki yil davomida internet sahifalarini boshqarish taqiqlangan.
Mixail Dariy va Ilya Kovilkov bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib terakt sodir etishga urinishda va uyushgan guruh tomonidan portlovchi moddalar ishlab chiqarishda ayblangan. Dariyga qo‘shimcha ravishda terrorchilik tashkiloti faoliyatida qatnashish va terrorchilik faoliyatiga ommaviy chaqiriq ayblovlari qo‘yildi, deb yozadi «Mediazona».
Prokuratura ayblanuvchilarni yonilg‘i baklarini portlatishga uringanlikda aybladi
Rossiya prokuraturasining aybloviga ko‘ra, ish bo‘yicha ayblanuvchilar Sheremetevodagi yonilg‘i quyish shoxobchasida yonilg‘i baklarini portlatib yuborishga uringan, shuningdek, Telegram’da «rossiyalik yoshlar orasida terrorizmni targ‘ib qilgan». Ayblov tarafidan guvoh sifatida ko‘rsatma bergan aeroport xodimi Igor Sorokin so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchilarning maqsadi har biri sig‘imi 30 ming tonna bo‘lgan oltita rezervuar bo‘lgan. Aeroportning Ye terminali rezervuarlardan 300 metr uzoqlikda joylashgan, deya xabar beradi SotaVision Sorokinning so‘zlariga tayanib.
Har ikki sudlanuvchi ham aybini tan oldi. Mixail Dariy sudda uning qarindoshlari Ukrainada yashashini va urush boshidanoq uni qo‘llab-quvvatlamaganini aytdi. «Men umumiy vaziyatni tushunmadim, ko‘zim oldida faqat bolalar, oilalar yuzlari turardi, bu his-tuyg‘ular va o‘ylar maxsus harbiy operatsiyaga (Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi qurolli hujumi) qarshi faolroq kurashishga undadi», - deya Dariy so‘zlarini keltirgan SOTAvision.
Dariyning so‘zlariga ko‘ra, chatlarning birida u «Ozod Rossiya» legioni kuratori bilan tanishgan, u Moldovaga chipta olib bergan, shuningdek, Sheremetevo aeroportida o‘t qo‘yilishi uchun pul to‘lashi kerak edi. Sudda Dariy Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinch muzokaralarga erishmoqchi bo‘lganini tushuntirdi, deb yozadi «Mediazona». Ilya Kovilkov sudda guvohlik berishdan bosh tortdi, lekin «Ukraina tarafdori emasman, odamlarga achinaman», dedi. Ilya Kovilkov ehtiyot chorasini tanlash bo‘yicha birinchi yig‘ilishga kaltaklanish izlari bilan olib kelingan, deya aniqlik kiritmoqda nashr.