Rossiya Adliya vazirligi 55 tashkilotni «ekstremistik» deb tan oldi

Jahon 09:06 / 27.07.2024 1598

Rossiya Adliya vazirligi 55 ta tashkilotni «ekstremistik» tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. 26 iyul, juma kuni «Pervyy otdel» inson huquqlari tashkiloti bunga e’tibor qaratdi. Vazirlik barcha 55 tashkilotni mavjud bo‘lmagan «Rossiyaga qarshi separatistik harakat»ning «tarkibiy bo‘linmalari» deb hisoblayapti, ular faoliyati ilgari Rossiya Federatsiyasi hududida taqiqlangan.

«Ekstremistik» tashkilotlar ro‘yxatiga Amerikaning Free Russia Foundation («Ozod Rossiya»), «Rossiyada osiyoliklar» va «Erkin Buryatiya» jamg‘armalari, «Erkin millatlar ligasi», «Ozod Ingriya» harakati va boshqalar kiritilgan. Adliya vazirligi ro‘yxatida jami 160 dan ortiq bandlar mavjud. 

Mavjud bo‘lmagan «Rossiyaga qarshi separatistik harakat» «ekstremistik» deb tan olingan

2024 yil iyun oyi boshida Rossiya Oliy sudi Adliya vazirligining iltimosiga binoan «Rossiyaga qarshi separatistik harakat» va «uning tarkibiy bo‘linmalari»ni Rossiya Federatsiyasi hududida «ekstremistik» tashkilot deb tan oldi. 

Jurnalistlar aniqlaganidek, bunday nomdagi harakatning o‘zi yo‘q. Shunga qaramay, Adliya vazirligi «Rossiyaga qarshi separatistik harakat»ni «Rossiyaning ko‘p millatli birligi va hududiy yaxlitligini buzish» bilan shug‘ullanadigan xalqaro ijtimoiy harakat deb atadi.

Avvalroq, 2024 yilning fevral oyida Rossiyada mavjud bo‘lmagan «Ya/My Sergey Furgal» harakati «ekstremistik» deb tan olingan edi.

Mart oyining o‘rtalarida Rossiya Federatsiyasida ekstremistik jamiyatni tashkil etish yoki unda ishtirok etish bo‘yicha birinchi ish ochildi (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 282.1-moddasi). Orenburgdagi bar xodimlari ayblanuvchilarga aylandi.

Ko‘proq yangiliklar: