O‘zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi

O‘zbekiston 17:27 / 27.07.2024 12949

O‘zbekistonda 25 va 26 iyul kunlari energotizim bo‘yicha mutlaq tarixiy rekord ko‘rsatkichlar yangilangan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 25 iyul kuni soat 15:47 da havo harorati +39,7 darajada (Toshkent shahrida) O‘zbekiston energotizimida iste’mol quvvati 11 822 MW’ni tashkil qilgan. Mazkur ko‘rsatkich yoz davri uchun tarixdagi absolyut rekord bo‘lib, 2023 yil 28 iyulda (+40 daraja) qayd etilgan eng yuqori iste’molga nisbatan 343 MW ko‘p bo‘lgan.  

Shuningdek, 26 iyul kuni yozgi maksimal sutkalik elektr energiyasi iste’moli 253,3 mln KW•hʼni tashkil etib, 2023 yil 28 iyul kungi yozgi maksimal iste’moldan 0,9 mln KW•h ko‘p bo‘lgan. 

Toshkent shahrida 26 iyul kuni absolyut tarixiy rekord iste’mol quvvati soat 14:27 da kuzatilib, 1705 MW’ni tashkil etgan. Bu o‘tgan yil 27 iyul (+40,1 daraja) kunida kuzatilgan maksimal iste’molga nisbatan 97 MW ko‘pdir.

Anomal harorat fonida havo va kabel elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati pasayishi sababli poytaxtning alohida elektr tarmoq xo‘jalik obektlarida (soat 11:00 dan soat 17:00 gacha) o‘ta kuchli yuklanishlar qayd etilgan. Mazkur holat tizimli avariyalarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va poytaxt iste’molchilarning tartibsiz ommaviy uzilishlarining oldini olish maqsadida Toshkent shahar iste’molchilariga qisqa muddatli vaqtinchalik cheklovlar kiritishni talab etgan.

“Iste’molchilardan tarmoqda keng ko‘lamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga to‘g‘ri keladigan bunday zaruriy choralar bugun o‘ta muhim ekanini to‘g‘ri tushunishlarini so‘raymiz”, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, ayni paytda kunduzgi soatlarda energotizimda jami 1300 MW zaxira quvvatlari mavjud bo‘lib, iste’mol talabining qariyb 1900 MW qismi yoki 16 foizi quyosh fotoelektr stansiyalari hisobidan qoplanmoqda.  

Ko‘proq yangiliklar: