O‘zbekiston Afrika vitse-chempioniga qarshi. Misr qanday jamoa va ulardan qay jihatdan ustunmiz?

Sport 17:35 / 27.07.2024 10967

Revansh imkoniyati

O‘zbekiston olimpiya jamoasi uchun bugungi raqib begona jamoa emas. Misr 2023 yilning oktyabr oyida Toshkentda mehmon bo‘lib, o‘rtoqlik uchrashuvida vakillarimizni mag‘lub (2:1) etib qaytgan edi. O‘shanda Abbosbek Fayzullayev, Abduqodir Husanov singari yetakchilar maydonga tushmagan. Bu safar esa ulardan tashqari, Eldor Shomurodov va Oston O‘runov bilan kuchaygan jamoamizda revansh imkoniyati bor.

Kim qanday holatda?

O‘zbekiston 1-turda turnir favoriti Ispaniyaga qarshi bahsda munosib o‘yin namoyish etgan holda Yevropa vitse-chempioniga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu bahsdan keyin himoyachi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev oilaviy sabablarga ko‘ra jamoa ixtiyorini tark etgan bo‘lsa-da, zaxira tarkibidan Alisher Odilov jalb etildi. Aynan u o‘tgan yili Misr darvozasiga yo‘llangan golga mualliflik qilgan edi.

Misr esa 1-turda Dominikan Respublikasiga qarshi bahsda g‘alaba qozonish uchun bir qator imkoniyatlarga ega bo‘lgandi, ammo uchrashuvda har ikki jamoa ham ochko yo‘qotdi – 0:0. Bu natija ko‘p jihatdan O‘zbekiston foydasiga ishlashi mumkin. Buning uchun vakillarimiz eng avvalo bugun turnir tarixidagi ilk g‘alabani taqdim etishlari shart.

O‘z qit’alarida vitse-chempion bo‘lgan jamoalar

Rojyerio Mikale murabbiyligidagi misrliklar Afrikaning 2-jamoasi sanaladi. Braziliyalik mutaxassis qo‘l ostidagi Misr olimpiya jamoasi Afrika millatlar kubogi U23 turniri finalida Marokashga qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub (1:2) bo‘lib, Fransiyaga Afrika vitse-chempioni sifatida kelgan. Misr so‘nggi Tokio-2020 Olimpiadasida ham ishtirok etgan va chorakfinalgacha yetib kelishga erishgandi.

O‘zbekiston U23 jamoasi esa Osiyo vitse-chempioni bo‘lib, Parijga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Temur Kapadze shogirdlari Osiyo kubogi U23 yarimfinalida 29 aprel kuni Indoneziyani mag‘lub (2:0) etib, mamlakat tarixida Olimpiadaga jamoaviy sport turida ilk yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Finalda esa vakillarimiz Yaponiyaga alamli tarzda mag‘lub (0:1) bo‘lgan.

Saloh ruxsat ololmadi, «Arsenal» sobiq o‘yinchisi va Zizo tarkibda

Misrning Parij-2024 turniriga boradigan 22 futbolchidan iborat tarkibi e’lon qilingan. Rojyerio Mikale tarkibga mamlakat futboli yulduzi Muhammad Salohni jalb etishga har qancha urinmasin, futbolchining o‘zi ham Parijdagi turnirda ishtirok etishga roziligini bildirgan bo‘lsa-da, «Liverpul» o‘z yetakchisini qo‘yib yubormadi. Shu tariqa, 23 yoshdan katta 3 futbolchi ro‘yxatiga «Arsenal» sobiq yarimhimoyachisi Muhammad En-Nenni, «Zamalek» yarimhimoyachisi Ahmad Zizo chaqirildi, 3-limitdan esa foydalanilmadi. Sababi braziliyalik murabbiy istagan Mahmud Trezege va «Nant» vakili Mustafo Muhammadning ham klubi ruxsat bermagan. Ya’ni, Kapadze turnirga o‘zi istagan futbolchilarni olib kela olgan, Mikale esa yo‘q.

Misrning Olimpiada uchun tarkibi:

Transfer qiymati: O‘zbekiston tarkibi Misrdan qimmatroq

Misr olimpiya jamoasi Parij-2024 Olimpiadasining 16 jamoasi orasida tarkibining umumiy transfer bahosiga ko‘ra, 13,7 million yevro narx bilan 12-o‘rindan joy olgan. O‘zbekiston olimpiya jamoasi tarkibi esa Misrdan ikki baravar qimmat – 26,5 million yevroga baholagan. Bu borada ustunlik bizda. Transfermarkt reytingida Temur Kapadze shogirdlari bu borada Parij-2024da 9-o‘rinda bo‘lib, Osiyoning eng qimmat jamoasi sanaladi. Bizdan keyingi o‘rinda esa Yaponiya – 22,6 mln yevro narx bilan 10-o‘rinda.

O‘zbekistonning eng qimmatbaho o‘yinchilari Abbosbek Fayzullayev (6 mln yevro), Eldor Shomurodov (5 mln yevro), Oston O‘runov (2,5) va Abduqodir Husanov (2,5 mln yevro) sanalasa, misrliklardan Zizo va Muhammad En-Neni eng qimmatbaho o‘yinchilar hisoblanadi. En-Neni yozda «Arsenal» bilan xayrlashgan va turnirga erkin agent sifatida kelgan.

O‘zbekistonning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Abbosbek Fayzullayev – 6 mln yevro

2. Eldor Shomurodov – 5 mln yevro

3. Oston O‘runov – 2,5 mln yevro

Misrning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Zizo – 4,5 mln yevro

2. Muhammad En-Neni – 3,5 mln yevro

3. Ibrohim Adel – 800 ming yevro

Anons. 27 iyul (shanba)

Parij-2024. 2-tur

Misr – O‘zbekiston

Fransiya, Nant.

O‘yin boshlanish vaqti: 20:00

TV-translatsiya: Sport

Sharhlovchilar: D.Fayziyev / D.To‘xtabekov.

Ko‘proq yangiliklar: