Sportga xarajatlar: kelajak uchun investitsiyami yoki ortiqcha dabdaba?

Sport 14:55 / 06.09.2024 17814

Faol muhokamalar – uyg‘oq fuqarolik jamiyatining asosiy belgilaridan. Parij olimpiadasi o‘zbekistonliklarga katta quvonch bag‘ishlash bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda davlatning sportni moliyalashtirishi haqidagi muhokamani ham yuzaga chiqardi. Kun.uz bu borada qarama-qarshi fikr egalarini studiyaga taklif etdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston dzyudo jamoasi menejeri Eldor Qahhorov olimpiadachilarning ishtirokiga to‘xtaldi. Uning fikricha, dastavval sportchilarning kayfiyati futboldagi ketma-ket mag‘lubiyatlar sabab biroz tushgan, lekin keyin Diyora Keldiyorovaning dzyudodagi oltini boshqa sportchilarga ham motivatsiya bergan. Menejyerning aytishicha, chempionlar albatta, taqdirlanishi, rag‘batlantirilishi kerak. Davlat hisobidanmi, xususiy sektordanmi, bu – ikkinchi masala.

Bloger Otabek Mahkamovning ta’kidlashicha, mukofotlarning to‘liq davlat budjeti hisobidan berilishi noto‘g‘ri. Dunyo tajribasiga ko‘ra, chempionlarni rag‘batlantirishni sport homiylari va biznes vakillari o‘z zimmasiga oladi. Bundan tashqari, sportga va bilim egalariga bo‘lgan munosabat har xil bo‘lmasligi kerak.

“Pullar davlat budjetidan ekan, bu borada o‘ylabroq gapirishimiz kerak. Singapurda beriladigan pul haqida gapirildi, Singapur va O‘zbekiston iqtisodiyotini solishtirsak, juda qo‘rqinchli raqamlarga duch kelamiz. Chempionlik bu – davlat obro‘yi uchun pozitiv voqea. G‘oliblarga kerak bo‘lsa 500 million dollar berilsin, lekin davlat budjetidan emas”, deydi Mahkamov.

“Silk Road Research academy” ijrochi direktori, ta’lim bo‘yicha tadqiqotchi Azamat Akbarovning fikricha, davlat sportga aralashishni to‘xtatishi kerak. Sportning rivoji xususiy sektor bilan yaxshiroq bo‘ladi.

“Angliyada kamdan kam hollarda davlat sportga aralashadi. AQSh olimpiya qo‘mitasi davlatdan deyarli mablag‘ olmaydi. Hattoki, Amerika stadion qurishga o‘ylab pul ajratadi. Agar shu stadion o‘zini oqlasagina, pul beradi. Yaqinda o‘qidim, O‘zbekistonning 6 mingdan ortiq maktablarida kanalizatsiya yo‘q ekan. Davlat uchun prioritetlar aniq va to‘g‘ri bo‘lishi kerak”, – deydi Akbarov.

Sport menejeri Qahhorov esa faollarning gapiga javoban sportchilar hech narsaga muhtoj bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.

“Amerika rivojlangan davlat, deyarli barcha sport turlarida ularning sportchisi qatnashadi. Biz bor-yo‘g‘i 5 ta sport turida medal oldik. Bilasizmi, sportchilar och qolmasligi kerak. Ularda pul va boshqa narsalarda ehtiyoj qolmasagina, asosiy e’tiborini sportga qaratadi. Mana, Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitovlar Tokioda oltin oldi, mukofotni ham olib, asosiy e’tibori yana sportda bo‘ldi”, deydi Qahhorov.

Otabek Mahkamovning qo‘shimcha qilishicha, nafaqat sportchilar, balki yosh olimlar ham och qolmasligi kerak. Chempionlarga bo‘lgan munosabat turli xalqaro fan olimpiadalari va konkurslarga qatnashganlar bilan bir xil bo‘lishi lozim. Andijonlik Rayyona Ibrohimovaning xalqaro olimpiadada birinchi o‘rinni olishi olimpiada chempionlarining yutug‘idan kamdek ko‘rinmasligi lozim, deydi u.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: