Olimpiada ochilish marosimida Janubiy Koreya sportchilari KXDR bilan adashtirib yuborildi

Jahon 20:02 / 27.07.2024 7791

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) 27 iyul kuni Parijdagi yozgi o‘yinlarning ochilishida yo‘l qo‘yilgan xato uchun Janubiy Koreyadan uzr so‘radi.

Janubiy koreyalik sportchilarni olib ketayotgan qayiq Sena bo‘ylab suzib ketar ekan, diktorlar fransuz va ingliz tillarida bu KXDR delegatsiyasi ekanini e’lon qilishdi. Vaholanki, ularning nomi bannerda va titrlarda to‘g‘ri yozilgan edi. Ochilish marosimida ishtirok etgan KXDR delegatsiyasini tanishtirishda xatolik bo‘lmadi.

Janubiy Koreya sport vazirligi XOQ prezidenti Tomas Bax bilan uchrashuv o‘tkazishni, shuningdek, XOQ va Olimpiada tashkiliy qo‘mitasidan tushuntirish talab qildi. Departament mamlakat Tashqi ishlar vazirligidan Fransiyaga hukumat darajasida shikoyat bilan murojaat etishni so‘radi va buning boshqa takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi.

Shundan so‘ng Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqda «Ochilish marosimida Janubiy Koreya delegatsiyasini tanishtirishda yuzaga kelgan xatolik uchun uzr so‘raymiz», degan bayonotni berdi.

KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ziddiyat yarimorolda 1950 yillarning boshida xorijiy kuchlar AQSh, Sovet Ittifoqi va Xitoy ishtirokida bo‘lib o‘tgan urushdan beri davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: