OAV: Qrimdagi Saki aerodromi raketalar hujumiga uchradi

Jahon 10:37 / 27.07.2024 5524

26 iyul, juma kuni Qrim hududidagi Saki va Yevpatoriya shaharlarida portlashlar sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda bir qancha Ukraina va Rossiya OAV mahalliy aholiga tayanib. Xususan, Astra Telegram-kanali o‘z manbalariga tayanib, Saki aerodromiga ATACMS uzoq masofali raketalari bilan hujum qilinganini bildirmoqda. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, o‘q-dorilar portlashi natijasida yong‘in kelib chiqqan va ikki nafar rossiyalik harbiy jarohatlangan

Bundan tashqari, raketalardan biri Saki tumanidagi Shelkovichnoye qishlog‘idan 5 km uzoqlikdagi Rossiya havo mudofaasi tizimi joylashtirilgan maydonga kelib tushdi, natijada radiolokatsion stansiya moslamasi vayron bo‘ldi, deb xabar bermoqda kanal. «Jami, manbalarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Qrimga to‘rtta ATACMS raketasi bilan zarba bergan, ulardan ikkitasi urib tushirilgan», — deyiladi xabarda.

Rossiya Mudofaa vazirligi va Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Qrimga qilingan hujumga izoh bermadi. 

Mahalliy aholi: Kvartiralarning derazalari silkinib ketdi

«Suspіlne» telekanaliga ko‘ra, Saki va Yevpatoriyaning mahalliy aholisi tungi portlashlar haqida xabar bergan. Shu tariqa, Sakida yashovchi shaxs telekanalga «shaharda juda kuchli portlashlar kuzatilgani», bu kvartiralarda «derazalar silkinishiga» sabab bo‘lganini aytdi. Yevpatoriya fuqarosi «kechqurun bir qator portlashlarni eshitganini» bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «juda kuchli bo‘lmagan portlashlar» ovozi «shahar tashqarisidan» kelgan.

«Krymskiy veter» Telegram-kanali ham Saki tumani Novofedorovka qishlog‘idagi Saki harbiy aerodromi hujumga uchragani haqida yozgan va obunachilaridan birining videosini chop etgan. «Obunachi xabar beradi: soat 02:41 da allaqachon 13 ta kuchli portlash sodir bo‘ldi, ovozlar har tomondan - Dobrushinodan, Yevpatoriyadan, Novoozernoyedan va uzoqroqda, katta ehtimol bilan Sakidan kelyapti», deb yozadi kanal alohida xabarida.

Qrimdagi Rossiya harbiy obektlariga raketa hujumlari davom etmoqda

Ilgari qo‘shib olingan yarimorol aprel oyining oxirida Amerika ATACMS raketalari bilan hujumga uchragan edi. Shundan so‘ng, kanallar xabariga ko‘ra, Jankoy harbiy aerodromiga raketa hujumlari uyushtirilgan, hujum natijasida besh nafar rossiyalik harbiy yaralangan. Bundan tashqari, ATACMS uchta harbiy havo mudofaa bo‘linmalariga - Donskoye qishlog‘ida, shuningdek, Saki va Qora dengiz mintaqalarida hujum qildi. Kamida to‘rt nafar harbiy yaralangani aytilmoqda. 

Avvalroq Sevastopolga raketa hujumidan so‘ng AQShning Moskvadagi elchisi Linn Treysi Rossiya TIVga chaqirilgan edi. Smolenskaya maydonida Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Amerikaning kassetali ATACMS raketalari yordamida Qrimga uyushtirilgan hujumga aloqadorligi e’lon qilindi. Keyin Rossiya departamenti «javob choralari» amalga oshirilishiga va’da berdi. 

Rossiya yana Ukrainaning energetika sektoriga zarba berdi 

26 iyulga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina bo‘ylab yigirmadan ortiq «Shahed-131/136» dronlarini uchirdi. Uchirish Qrim va Kurskdagi Chauda burunidan amalga oshirildi. Bundan tashqari, Rossiya harbiylari Rostov viloyatidan uchirilgan «Iskander-M» ballistik raketasi bilan Donetsk viloyatiga hujum qildi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk o‘zining Telegram-kanalida xabar berganidek, havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning to‘rtta hududida ishlagan.

Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga havo hujumlarini to‘xtatmay, mamlakat energetika infratuzilmasini yaqinlashib kelayotgan qish arafasida izchillik bilan yo‘q qilishda davom etyapti.

Ko‘proq yangiliklar: