Moskvada avtomobilni portlatishda ayblangan rossiyalik tergov izolyatoriga joylashtiriladi

Jahon 10:30 / 27.07.2024 3009

Rossiyalik harbiyning mashinasini portlatganlikda gumon qilinayotgan Rossiya fuqarosi Yevgeniy Serebryakovga ayblov e’lon qilindi va so‘roqdan keyin u tergov izolyatoriga joylashtiriladi. Bu haqda 26 iyul, juma kuni Rossiya Tergov qo‘mitasining rasmiy vakili Svetlana Petrenkoga tayanib, «Interfaks» xabar berdi

«Rossiya huquq-tartibot idoralari va Turkiyaning vakolatli organlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida Serebryakov qo‘lga olindi va unga ayblov qo‘yish to‘g‘risida qaror taqdim etildi», dedi Petrenko va so‘roqdan keyin «u qamoqqa olinadi», deb qo‘shimcha qildi. Avvalroq Serebryakov Turkiyadan Rossiyaga yetkazilgan edi, deya aniqlik kiritmoqda «Interfaks» Rossiya «FSB» ma’lumotlariga tayanib. 

Bir kun oldin Moskvaning Zamoskvoretskiy sudi Serebryakovni ikki yoki undan ortiq shaxsni bir guruh shaxslar tarkibida umumiy xavfli tarzda o‘ldirishga urinishda ayblab, unga nisbatan ikki oyga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi.

Rossiya davlat matbuoti Serebryakovning iqrori aks etgan videoni e’lon qildi 

RIA «Novosti» davlat agentligi Serebryakov Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») topshirig‘i bilan Moskvada rossiyalik harbiy ofitserning hayotiga suiqasd qilganini tan olgan videoni tarqatdi. «SBU» ushbu hodisaga izoh bermadi. 

Tahrirlangan videoda erkak o‘tgan yili Ukraina maxsus xizmatlariga yollangani va «ofitser»ni o‘ldirishi kerak bo‘lganini aytadi. Ukrainalik kuratorining iltimosiga ko‘ra, u bomba yasash uchun qismlarni yig‘ib, so‘ngra tanlangan qurbon mashinasi ostiga portlovchi moslama o‘rnatgan, buning uchun unga Ukraina fuqaroligi va mukofot sifatida «o‘n mingdan yigirma ming dollargacha» pul va’da qilingan.

Moskvada avtomobilni portlatishda gumon qilingan shaxs Turkiyada ushlandi

Turkiya huquq-tartibot idoralari Serebryakovni ikki kun avval Bodrum kurort shahrida qo‘lga olgan. Ushlanganidan so‘ng ma’lum bo‘lishicha, rossiyalik u yerga ertalab Moskvadan uchib kelgan. Erkak avval Interpol tomonidan qidiruvga berilgan shaxslarning xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan. Interpolning Rossiya bo‘limi xodimlari Turkiya politsiyasiga uni ushlash talabi bilan murojaat qilib, Serebryakov terrorchilikda ayblanib qidiruvga berilganini aytishgan. 

Rossiya matbuotiga ko‘ra, Yevgeniy Serebryakov Volgograd viloyatida tug‘ilgan, u 30 yoshda. 

Moskva shimolida avtomobil portlashi 

24 iyul kuni ertalab Moskvada Sinyavinskaya ko‘chasida Toyota Land Cruiser yo‘ltanlamas avtomobili portlab ketdi, natijada ikki kishi - avtomobil egasi va yo‘lovchi - er-xotin jarohatlandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, portlash natijasida jarohatlangan erkakning ikki oyog‘iga jiddiy shikast yetgan, ayolning yuzida jarohatlar bo‘lgan. 

«Interfaks» manbasiga tayanib xabar berishicha, mashina Rossiya Qurolli kuchlari polkovnigi, Bosh shtab bo‘linmalaridan birining boshlig‘iga tegishli. Rossiyaning qator OAV mashinada Andrey Torgashov va uning rafiqasi Mayya bo‘lganini yozishgan. Shu bilan birga, Astra Telegram-kanali Torgashovning Moskva viloyatidagi 33790-sonli harbiy sun’iy yo‘ldosh aloqasi bo‘linmasi radiomarkazi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlayotganini bildirdi. Torgashovning o‘zi RIA «Novosti» va RT bilan suhbatda bu xabarlarni rad etdi. 

«Interfaks»ning «vaziyatdan boxabar manba»ga tayanib xabar berishicha, avtomobil egasi - Rossiya Qurolli kuchlari polkovnigi. Agentlik suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, haydovchi o‘rindig‘i ostiga sig‘imi taxminan 500 gramm trotil bo‘lgan portlovchi moslama qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: