G‘azodagi oziq-ovqat muammosi, Parijda ochilgan olimpiada va demografik krizisga duchor bo‘lgan Rossiya - kun dayjesti

Jahon 13:20 / 27.07.2024 6869

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

BMTga ko‘ra, G‘azodagi aholining har 10 nafaridan 9 tasi majburiy ko‘chirilgan odamlar hisoblanadi. Aholisi 2,3 mln bo‘lgan eksklavda endi odamlarning boradigan joyi qolmadi, deyiladi BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi ma’lumotnomasida.

Majburan ko‘chirgan odamlar qayerda boshpana topsa o‘sha yerda joylashmoqda: maktablarning to‘lib-toshgan binolari, vayron bo‘lgan uylar, qo‘lbola chodirlar, hattoki chiqindixona ichida

7 oktyabrdan buyon tinmayotgan Isroil hujumlari tufayli G‘azo aholisining katta qismi majburiy ko‘chish bilan yashab kelmoqda. Eksklavda kundalik hayotning bir qismiga aylanib ketgan majburiy ko‘chish tufayli, tinch aholi, ayniqsa ayollar va bolalar juda qiyin sharoitlarda kun ko‘rishga majbur bo‘lmoqda.

Falastin Qizil yarimoy tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Isroil tomonidan “xavfsiz” deb atalgan Al-Mavasiy qochqinlar lagerida bitta chodir tikish uchun ham bo‘sh joy qolmagan.

BMT shuningdek G‘azo aholisi oziq-ovqat yetishmovchiligiga duchor bo‘layotganini ham qayd etgan. Sektorning 80 foiz aholisi majburiy ko‘chirilgan shaxslarga aylangan va jahondagi eng o‘tkir oziq-ovqat inqiroziga ro‘baro‘ kelgan.

Bibining AQShga tashrifiga reaksiya

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Amerikaga tashrifi, ayniqsa uning Kongressdagi chiqishi qarsaklar bilan kutib olingani qattiq qoralanmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an butun dunyo genotsid olib borayotgan qotilga qarsak chalinganiga guvoh bo‘ldi, degan. Erdo‘g‘anga ko‘ra, qotil emas, insoniyatga xizmat qilayotganlar olqishlanishi kerak.

“Vakillar palatasi 40 ming bolalar, ayollar va qariyalarni yo‘q qilgan insonga tik turib qarsak chaldi. Dunyoga demokratiya va inson huquqlari haqida aql o‘rgatadiganlar zamonamizning Hitlerini uyalmasdan ko‘klarga ko‘tarishmoqda”, — dedi Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘an “qo‘llarida G‘azoning 150 ming aholisi qoni bo‘lgan qassob (Netanyahu)” AQSh Kongressida chiqish qilganda chalingan qarsaklarni “ongning qorong‘ilashishi” deb atagan.

Turkiya parlamenti raisi No‘’mon Qurtulmush Netanyahuning joyi minbarlarda emas, sudlanuvchilar kursisida bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

Unga ko‘ra, 10 oydan buyon G‘azoda genotsid miqyosida qirg‘in olib borayotgan, o‘zining siyosiy dasturini Falastin xalqining mavjudligi va huquqlarini rad etish asosiga qurgan ekstremistik hukumat raisi jazoga tortilishi kerak.

Parij olimpiadasi rasman ochildi

Parijdagi XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tarixda birinchi marta u stadionda emas, balki suvda - Sena daryosida o‘tkazildi. An’anaviy milliy qayiq paradida 206 davlatdan 6 mingdan ortiq sportchi ishtirok etdi.

An’anaga ko‘ra, birinchi bo‘lib o‘yinlar asoschisi - Gretsiya jamoasi suzib o‘tdi. Uning ortidan - qochqinlar jamoasi. Keyin delegatsiyalar alifbo tartibida paydo bo‘ldi. Qayiqlar marshruti taxminan 6 km bo‘ldi va yakuniy shou Trokadero maydonida bo‘lib o‘tdi.

Olimpiada mash’alasini dzyudochi Teddi Riner va yengil atletikachi Mari-Joze Perek yoqdi – mash’ala bilan shar Fransiya poytaxti osmoniga ko‘tarildi. Bu 1783 yil voqealariga ishora - o‘sha paytda fransuzlar Jozef-Mishel va Jak-Etenn Mongolfe tomonidan ixtiro qilingan havo sharida birinchi parvoz sodir bo‘lgan.

Rossiya va Belarus jamoalari Moskvaning Minsk ko‘magida Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushi sababli Parij Olimpiadasida qatnashmadi. Shunga qaramay, 15 nafar rossiyalik va 17 nafar belaruslik sportchi neytral maqomda Olimpiada musobaqalariga qabul qilindi. Ular paradda ishtirok etmadilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi litsenziyalar bo‘yicha o‘z rekordini yangilab, ilk bor 19 sport turida, 85 nafar sportchi bilan 75 ta yo‘llanmaga sazovor bo‘ldi. Bungacha rekord 1996 yilgi Olimpiadaga tegishli bo‘lib, o‘shanda Atlantadagi musobaqalarda o‘zbekistonlik 71 nafar sportchi qatnashgan edi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

2022 yil fevralidan 2024 yil iyun oyi oxirigacha 57 davlatning 494 kompaniyasi AQShning ushbu sanksiyalariga duchor bo‘ldi, deb yozadi «Vedomosti» nashri.

Nashrga ko‘ra, ikkilamchi sanksiyalar holatlari yarmidan ko‘pi AQSh Moliya vazirligining eksport nazorati ostidagi elektronika va sanoat tovarlari hamda uskunalarini yetkazib berish bilan bog‘liq. Ikkinchi sabab - kompaniyaning ilgari sanksiyalar qo‘llangan jismoniy yoki yuridik shaxslar bilan aloqasi bilan bog‘liq.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalangan shaxslar ro‘yxatidagi ulushi 378 ta yuridik shaxs yoki ularning 76,5 foizi “do‘stona” davlatlardagi firmalardir. Qolgan 116 ta «zarar ko‘rgan yuridik shaxslar» «nodo‘stona» mamlakatlarda yoki Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘ygan davlatlarda ro‘yxatga olingan.

Ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo‘lgan kompaniyalarning aksariyati Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Kipr va Shveytsariyadan. Possovet mamlakatlari orasida bunday yuridik shaxslar unchalik ko‘p emas.

Rossiya bilan savdo aylanmasi muntazam o‘sib borayotgan «do‘stona» Hindistonda AQShning ikkilamchi sanksiyalariga duchor bo‘lgan faqat ikkita kompaniya ro‘yxatga olingan bo‘lsa-da, kuni kecha AQSh Moliya vazirligi Hindiston banklarini Rossiya bilan hisob-kitoblar qilishda sanksiyalarga duchor bo‘lish bilan ogohlantirgan.

Rossiyadagi demografik vaziyat

Kreml iqtisodiy silkinishlar va urush Rossiyada demografiyaga jiddiy ta’sir o‘tkazganini tan olmoqda. Tug‘ilish koeffitsiyenti rekord darajada past —1,4.

Bu esa millatning kelajagi uchun halokatli, degan Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov. «Biz dunyoning eng katta davlatida yashaymiz. Biroq yildan yilga kamaymoqdamiz», — degan Peskov.

Rossiya yaqin 75 yil ichida yiliga 300-600 ming kishiga kamayib boraveradi hamda XXI asr oxiriga kelib, oxirgi 135 yil ichida mamlakat aholisi eng past darajaga tushadi, deya pronoz qilmoqda BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti. BMT demograflarining baholashlaricha, Rossiyaning aholisi hozirgi 145,2 mlndan 2035 yilda 140 mlnga, 2050 yilda 136,2 mlnga, 2075 yilda esa 128,64 mlngacha qisqaradi.

2100 yilga borib Rossiya aholisi bazaviy ssenariyda 126,43 mln kishigacha tushadi, bu esa 1965 yildan buyon eng past ko‘rsatkich bo‘ladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘rta asrlardagi kabi 8 tadan farzand dunyoga keltirish haqidagi chaqiriqlariga qaramasdan, BMT prognoziga ko‘ra, Rossiyada yaqin yillarda tug‘ilish darajasi kamayyapti: agar 2023 yilda 1,297 mln chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lsa, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1,186 mlngacha tushadi. Natijada, Rossiya yaqin 50 yil ichida aholining tabiiy kamayishi hisobiga yiliga 500-700 ming aholisidan ayrila boshlaydi va faqat 2080-90 yillarga borib bu sur’atlar yiliga 300-400 ming kishigacha pasayadi.

Ahvol bu tarzda davom etadigan bo‘lsa, 2100 yilga borib o‘lim darajasining tug‘ilish darajasidan ortiqligi natijasida mamlakat 40 mln aholisidan ayrilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: