Yevrokomissiya muzlatilgan aktivlarni almashishga ruxsat bermadi

Jahon 14:02 / 26.07.2024 3658

Yevropa Ittifoqi davlatlaridan jismoniy va yuridik shaxslarga Rossiya tomonidan taklif qilingan investorlar o‘rtasida aktivlarni ayirboshlash sxemasida ishtirok etish taqiqlanadi. Bu haqda Yevropa komissiyasi tomonidan 24 iyul, chorshanba kuni e’lon qilingan Ittifoqning Moliyaviy barqarorlik, moliyaviy xizmatlar va kapital bozorlari bosh boshqarmasi (DG FISMA) tushuntirishlarida aytiladi. Taqiqqa sabab - Rossiya Milliy hisob-kitob depozitariysining ayirboshlash sxemasida ishtiroki. Ushbu moliyaviy tuzilma 2022 yil iyun oyidan boshlab Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, shuning uchun u bilan o‘zaro hamkorlik qilishning iloji yo‘q.

Rossiya va xorijiy investorlar o‘rtasidagi ushbu aktivlarni almashtirish sxemasi rossiyalik chakana investorlarga hozirda Yevropa Ittifoqi markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariylaridagi Milliy hisob-kitob depozitariysi hisoblarida muzlatilgan G‘arb qimmatli qog‘ozlarini Rossiyada S toifadagi hisoblarda bloklangan investorlar mablag‘lariga almashtirish bo‘yicha takliflar kiritish imkonini beradi, deyiladi direksiya tomonidan tayyorlangan tushuntirishlarda. 

Rossiya va xorijiy investorlar o‘rtasidagi aktivlarni ayirboshlash bo‘yicha bitimlar 12 avgust kuni bo‘lib o‘tishi kerak, deya xabar beradi tashkilotchi, «Investitsionnaya palata» brokeri. Tashkilotchining ta’kidlashicha, rossiyalik investorlar umumiy qiymati 35 milliard rubl bo‘lgan aktivlarni sotib olishni taklif etgan. Jarayonda 100 ming rublgacha bo‘lgan aktivlari bo‘lgan xususiy investorlar ishtirok etishlari mumkin edi. Jami 2,5 mingga yaqin turdagi aktivlar sotuvga chiqarildi. 

Avvalroq, «Investitsionnaya palata» vakilining ta’kidlashicha, ayirboshlash mexanizmi Milliy hisob-kitob depozitariysi rolini minimallashtirilgan tarzda ishlab chiqilgan bo‘lib, u faqat tranzaksiyalar hisobini yuritishdan iborat bo‘ladi. Biroq, Yevropa komissiyasi ta’kidlaganidek, «Milliy hisob-kitob depozitariysiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita hech qanday mablag‘ yoki iqtisodiy resurslar taqdim etilishi mumkin emas». 

Ko‘proq yangiliklar: