Vengriya va Slovakiyaning Yevropa Ittifoqini Ukraina bilan Rossiya Federatsiyasidan neft olish bo‘yicha bahsga jalb etishga urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi: Yevrokomissiya (YeK) ularning Kiyevni «Lukoyl» Rossiya neft kompaniyasiga qarshi yangi sanksiyalarni bekor qilishga undash haqidagi iltimosini qo‘llab-quvvatlamadi. «Yevropa Ittifoqi mamlakatlari savdo vakillarining kechagi uchrashuvida hech kim Budapesht va Bratislava tarafini olmadi», deb yozadi Financial Times (FT) 25 iyul, payshanba kuni uch manba ma’lumotlariga tayanib.
Manbalardan birining FT’ga aytishicha, Ukraina bilan savdo shartnomasida ta’minotni to‘xtatishga imkon beradigan xavfsizlik bandi mavjud. Avvalroq, Yevropa Ittifoqining savdo bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis nashrga Bryusselga dalillar to‘plash va huquqiy vaziyatni baholash uchun ko‘proq vaqt kerakligini aytgan edi.
O‘tgan haftada Ukraina Rossiya konserni G‘arb sanksiyalari ostida qolgani sababli, «Lukoyl» neftining Vengriya va Slovakiyaga tranzitini to‘xtatdi. FT eslatganidek, bu ikki davlat Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng miqyosli hujumidan so‘ng Rossiya neftini import qilish bo‘yicha umumevropa taqiqidan istisno bo‘ldi. Ammo «Drujba» neft quvuri orqali «Lukoyl» mahsulotlari tranziti to‘xtatilgach, Vengriya va Slovakiya Ukraina bilan savdo kelishuvi doirasida maslahatlashuvlarni boshlash iltimosi bilan Yevropa komissiyasiga murojaat etdi.
YeI diplomati: «Oqibatlar juda katta bo‘ladi»
Agar Slovakiya Rossiyadan neft import qilish imkonini yo‘qotsa, «oqibatlar juda katta bo‘ladi», dedi Yevropa Ittifoqi diplomatlaridan biri FT’ga. Bugungi kunda Slovakiyadagi yagona neftni qayta ishlash zavodida Rossiya neftining ulushi 35-40 foizni tashkil etadi. Ushbu neftdan tayyorlangan mahsulotlar, jumladan, Ukrainaning o‘ziga va ko‘plab Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 5 dekabrgacha berilgan ruxsatnomaga muvofiq eksport qilinadi.
Slovakiya prezidenti Peter Pellegrini agar Ukraina «Lukoyl» bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasa, «reaksiya bildirishga majbur bo‘lishini» aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Bratislava Ukrainaga gaz zaxiralari va elektr energiyasini yetkazib berishda yordam bermoqda. «Lukoyl»ning neft importidagi ulushi taxminan 25-30 foizni tashkil etuvchi Vengriya vakillari FT’ga izoh berishdan tiyilishdi.
Ukraina rasmiylari, deb yozadi nashr, «Drujba» quvuri orqali avvalgidek xuddi shunday miqdordagi neft boshqa rus kompaniyalaridan yetkazib berilayotganini bildirmoqda.
Vengriya Ukrainaga Rossiyadan neft tranziti taqiqlangani sababli tahdid qilmoqda
Ukraina o‘z hududi orqali «Lukoyl»dan Rossiya neftining tranzitini taqiqlaganidan so‘ng, Vengriya qarshi choralarni e’lon qildi. «Biz Ukraina «Lukoyl» muammosini hal qilmaguncha Yevropa tinchlik jamg‘armasidan mablag‘ ajratilishiga to‘sqinlik qilamiz», dedi 23 iyul kuni Vengriyaning ATV telekanaliga tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto. Vengriya ma’lumotlariga ko‘ra, gap 6,5 mlrd yevro haqida ketmoqda, u Ukrainaga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishga sarflanishi kerak.
Siyyarto Yevropa Ittifoqi Ukrainani Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasidan Sharqiy Yevropaga «Drujba» neft quvuri orqali keladigan neft ta’minotida cheklovini olib tashlashga ishontirishiga ishonch bildirdi.
Rossiya hukumati rahbari o‘rinbosari, Rossiya sobiq energetika vaziri Aleksandr Novak Vengriya va Slovakiya neft olishda davom etishini aytdi, ammo bu qanday sodir bo‘lishi haqida izoh berishdan bosh tortdi. Avvalroq «Lukoyl»ning noaniq ma’lumotlariga tayanib, boshqa yo‘nalishlardan foydalanishi aytilgandi. «Drujba» quvurining bir qismi Belarus hududidan o‘tadi.