TsAHAL G‘azo sektoridan garovga olingan besh kishining jasadini olib ketdi

Jahon 10:00 / 26.07.2024 2480

Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektoridan garovga olingan besh kishining jasadini mamlakatga qaytardi. Bu haqda TsAHAL 25 iyul, payshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qildi.

TsAHALning bildirishicha, jasadlarni evakuatsiya qilish operatsiyasi 24 iyul, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan. Buni Isroil armiyasi askarlari «Shin Bet» maxsus xizmati agentlari bilan birgalikda amalga oshirgan. Jasadlari uylariga qaytarilgan barcha garovga olinganlar 7 oktyabrdagi hujum paytida o‘ldirilgan va G‘azo sektoriga olib ketilgan edi. 

TsAHAL bayonotida qayd etilishicha, garovga olinganlarning jasadlari janubiy sektorda Xon Yunus shahri yaqinidagi gumanitar zonadan taxminan 20 metr pastda joylashgan tunnelda topilgan. «Bu HAMASning gumanitar zonadan qanday qilib foydalangani, u 7 oktyabr kuni o‘ldirilgan va o‘g‘irlab ketilgan isroilliklarni asirda ushlab turish uchun ishlatilganiga yana bir misol», — deyiladi hisobotda. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: