Advokat Ilya Novikov Rosfinmonitoringning «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritildi. «Mediazona» 25 iyul, payshanba kuni bunga e’tibor qaratdi. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, ro‘yxatda Novikov ismining yonida yulduzcha bor, bu terrorizm gumonini bildiradi. Biroq unga tegishli moddalardan biri bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilinmadi.
Ilya Novikov Rossiyada sirtdan 8,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
Joriy yilning 11 iyun kuni Moskvaning Gagarin sudi taniqli advokat va «Chto? Gde? Kogda?» sobiq ishtirokchisi Ilya Novikovni sirtdan sakkiz yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi. Ilya Novikovning jinoiy javobgarlikka tortilishiga uning 2022 yil aprel oyida «Populyarnaya politika» YouTube-kanalida chop etilgan intervyusi sabab bo‘ldi. U yerda advokat rossiyalik harbiy xizmatchilarning Buchada tinch aholini qirg‘in qilish va boshqa harbiy jinoyatlarga aloqadorligi haqida gapirgan. Sudga ko‘ra, u bu bilan Rossiya armiyasi haqida «qasddan yolg‘on ma’lumot»ni ommaga tarqatgan.
Sud, shuningdek, Novikovga to‘rt yil davomida advokatlik bilan shug‘ullanish va veb-saytlarni boshqarishni taqiqladi. Sota.Vision internet nashriga ko‘ra, Novikov manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Leonid Solovyov sudyadan mijozi sud qaroriga befarq ekani va hukm ustidan shikoyat qilmasligini aytgan.
2022 yilda Rossiya hukumati Ilya Novikovni «chet el agenti» deb tan oldi. 2023 yil oktyabr oyida Rossiya «FSB» unga qarshi «dushman tomoniga o‘tish» moddasi bo‘yicha vatanga xiyonat ishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini e’lon qildi. 2019 yildan beri Novikov Kiyevda yashab, ishlaydi.