Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, bu lavozimda armiyaning moddiy-texnik ta’minoti uchun mas’ul bo‘lgan Dmitriy Bulgakov korrupsiyaga qarshi ish doirasida Moskvada ushlandi va tergov izolyatoriga tashlandi, deb xabar bermoqda FXX. Bulgakov aprel oyidan buyon hibsga olingan Rossiya mudofaa vazirligi tizimidagi yettinchi yuqori martabali shaxs bo‘ldi.
Maxsus xizmatlar ish tafsilotlarini ochiqlamagan. 69 yoshli general Bulgakov ushlangani haqida xabar bergan Rossiya tergov qo‘mitasi ham ish detallariga to‘xtalmagan, faqat bu «korrupsiya faoliyatiga oid» jinoiy ish ekanini ta’kidlagan.
Vazirning sobiq o‘rinbosari sud qaroriga ko‘ra Moskvadagi «Lefortovo» tergov izolyatoriga joylashtirilgan. Sud qachon bo‘lib o‘tganiga FXX ham, Tergov qo‘mitasi ham aniqlik kiritmagan.
Armiya generali Bulgakov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida 2008 yildan 2022 yil sentabriga qadar ishlagan. U RF qurolli kuchlarining moddiy-texnik ta’minoti uchun mas’ul bo‘lgan. 2016 yilda unga Rossiya Qahramoni unvoni berilgan.
Joriy yil aprelda mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov ham korrupsiyada ayblanib qo‘lga olingandi. Mudofaa vaziri Sergey Shoygu esa hukumatning yangi tarkibidan o‘rin olmadi va Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga o‘tkazildi, uning o‘rinbosarlarining barchasi lavozimini tark etdi.
Bulgakov 2022 yil kuzida, Rossiyada harbiy safarbarlik boshlangan mahalda ishdan ketgandi. Mudofaa vazirligi uning iste’fosini boshqa ishga o‘tishi bilan izohlagandi. Generalning yangi lavozimi haqida rasman xabar berilmagan. Bu Mudofaa vazirligida Ukrainadagi urush boshlanganidan keyingi davrdagi ilk iste’fo bo‘lgandi.
Bulgakov ko‘p yillar mobaynida qurolli kuchlarning ichki ishlariga javob bergan, moddiy-texnik ta’minot tizimi, qo‘shinlarni qurol-yarog‘, harbiy texnika va moddiy vositalar bilan ta’minlash, ularni saqlash, ishlatish, modernizatsiya qilish, ta’mirlash va utilizatsiya qilish, harbiy tashuvlarni tashkil etish bo‘yicha faoliyatga rahbarlik qilgan, deya yozadi «Interfaks».
2015-2017 yillarda Bulgakov Ukrainani aylanib o‘tadigan temiryo‘l qurilishi bilan bog‘liq masalalarga mas’ul bo‘lgan, shuningdek Suriyadagi Rossiya qo‘shinlari ta’minoti bilan shug‘ullangan, deya qayd etadi «Kommersant».
Anonim manbaga havola qilgan holda «RIA Novosti» Bulgakov o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda Lipetsk oblastidagi «Gryazinskiy oziq-ovqat kombinati» OAJ manfaatlarini ilgari surganini xabar qilgan. Joriy yil aprelida kombinatning uch nafar top-menejeri hibsga olingandi. Ular mudofaa vazirligi ehtiyojlari uchun oziq-ovqat yetkazib berishni noto‘g‘ri tashkil etishda ayblangan.
Biroz oldinroq Moskvadagi Tver sudi Mudofaa vazirligining Harbiy-qurilish kompaniyasi bosh direktori 46 yoshli Andrey Belkovni lavozimini suiiste’mol qilishda ayblab, hibsga olish haqida qaror chiqargandi. «Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, uning ishi Belkov mudofaa vazirligidagi tashkilotlardan biriga rahbarlik qilgan davrida vazirlikning diagnostika va davolash markazi uchun 76 million rubl o‘rniga oshirilgan narxda - 121 million rublga tomograf sotib olishni tashkil qilgani bilan bog‘liq. U puldagi farqning bir qismini o‘z do‘sti, «Partner Plyus» MChJ asoschisi Yelena Lyaxovichga o‘tkazgan, u bilan uskunalar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.
«Kommersant»ning ta’kidlashicha, Andrey Belkovga nisbatan boshqa da’volar ham paydo bo‘lishi mumkin, chunki uning ishini sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari, aprel oyida katta miqdordagi korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olingan Timur Ivanov nazorat qilgan.
Ivanov qo‘lga olinganidan keyingi oy davomida yana uch nafar general tergov izolyatoriga olib kelindi — Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov, 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni Ivan Popov hamda Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, aloqa boshqarmasi boshlig‘i Vadim Shamarin, shuningdek Mudofaa vazirligining davlat mudofaa buyurtmalarini ta’minlash departamenti boshlig‘i Vladimir Verteletskiy.
Shu tariqa, Bulgakov mudofaa vazirligi tizimida aprel oyidan buyon qo‘lga olingan yettinchi yuqori martabali mulozim bo‘ldi. Ularning barchasi hibs qilingan. General Popov iyul oyida tergov izolyatoridan uy qamog‘iga chiqarilgan.