1 oktyabrdan xorijdagi mehnat migrantlarining oilalariga bir martalik yordam puli va boshqa moddiy qo‘llab-quvvatlovlar berilishi reja qilinyapti. Bu boradagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Kun.uz loyiha borasida ayrim savollarga migratsiya agentligi mas’uli Bahrom Abduvaliyevdan javob oldi.
— Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tomonidan 1 oktyabrdan mehnat migrantlarining oilalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash reja qilinyapti. Avvalo, hujjatda qanday yordam turlari nazarda tutilayotgani haqida gapirsangiz.
O‘zbekistonda prezidentimiz topshirig‘i bilan tizim tashkilotlariga aniq va manzilli vazifalar belgilab berilgan. Shu vazifalar ijrosi bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilyapti. Xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasi bu – tizim sifatida faqat fuqarolarni xorijga ishga yuborish masalasi emas, ya’ni xorijda bo‘lib turgan mehnat migrantlari bilan doimiy muloqot o‘rnatish, xorijda ishlash niyati bo‘lgan fuqarolarga ketishidan oldin til va kasb o‘rgatish, mehnat migrantlarining qaytib kelganidan keyin ichki bozorga integratsiya qilinishini amalga oshirish kiradi. Yaxlit tizimning yana bir bo‘lagi migrantlarning yordamga muhtoj bo‘lgan oila a’zolariga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalasi bo‘ladi.
Bu vazifani amalga oshirish uchun 2024 yil 4 aprelda mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish va xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan prezidentning 59-sonli farmoni qabul qilindi. Shu farmonda migrantlarning oila a’zolariga yordam ko‘rsatishga oid yangi instrumentlarni joriy etish bo‘yicha aniq vazifa belgilab berilgandi. Shu vazifa asosida Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yildi. Bunda xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolariga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 4 turdagi moliyaviy instrumentlarni joriy qilish nazarda tutilyapti.
Birinchisi, boquvchisi mehnat migratsiyasiga ketgan fuqarolarning oilalariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish.
Ikkinchisi, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oilalarida nogironligi bo‘lgan fuqarolar bo‘ladigan bo‘lsa, ularga tibbiy muolajalarni ko‘rsatish, eshitish moslamalari, nogironlik aravachalarini sotib olish maqsadida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish.
Uchinchisi, migrantlarning pensiya yoshiga yetgan otasi yoki onasini kasaba uyushmalari federatsiyasidagi sanatoriyalarga joylashtirish bo‘yicha alohida moddiy yordam ko‘rsatish.
To‘rtinchisi, migrantlarning voyaga yetmagan farzandlarini oromgohlarga joylashtirish yo‘llanmalarini qoplab berish bilan bog‘liq yordam.
— Loyihada migrantlarning oila a’zolariga moddiy yordam miqdori BHMning 2 barobari (hozirda 680 ming so‘m) miqdorida etib belgilanishi nazarda tutilyapti. Hujjat hali loyiha ekanini inobatga olsak, bu summa o‘zgarishi ham mumkinmi?
— Nafaqat birinchi turdagi moddiy yordam, balki barcha turdagi moddiy yordam miqdori o‘zgarish ehtimoli bor. Chunki yuridik hujjat tasdiqlanguncha unga o‘zgarishlar, tegishli qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan. Hujjatdagi 4ta yordamdan ikkitasi pul bilan, ikkitasi yo‘llanma bilan bog‘liq.
Boquvchisi mehnat migratsiyasiga ketgan fuqaroning "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"da turadigan oila a’zosiga BHMning 2 barobari miqdorida moddiy yordam;
Ikkinchisi, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oilalarida nogironligi bo‘lgan a’zosi bo‘lsa, unga bir martalik BHMning 5 barobari miqdorida moddiy yordam;
Uchinchisi, migrantlarning pensiya yoshiga yetgan otasi yoki onasini kasaba uyushmalari federatsiyasidagi sanatoriyalarga joylashtirish bo‘yicha yo‘llanma xarajatlarini qoplash bilan bog‘liq moddiy yordam;
To‘rtinchisi, migrantlarning voyaga yetmagan farzandlarini oromgohlarga joylashtirish yo‘llanmalarini qoplab berish bilan bog‘liq yordam.
— Bir martalik moddiy yordam kimlarga beriladi, qanaqa talablar bor, qayerga murojaat qilish kerak?
Birinchi yordam turi haqida gapirsam, bunda oilaning "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgani hamda mehnat migratsiyasiga ketgan fuqaroning "Xorijda ish" platformasidan ro‘yxatdan o‘tgani talabi qo‘yiladi. Barcha yordam turlaridan foydalanish uchun xorijga mehnat migratsiyasiga ketgan fuqaroning "Xorijda ish" platformasidan ro‘yxatdan o‘tgani asosiy talab hisoblanadi.
Birinchi turdagi moddiy yordam mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasiga binoan "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalarga ajratilishi nazarda tutilgan. Ikkinchi turdagi davolash bilan bog‘liq moddiy yordamni olishda hokim yordamchisi tavsiyasiga binoan oilada nogironligi bo‘lgan a’zosining nogironlik guvohnomasi asoslovchi hujjat bo‘ladi.
Uchinchisi, mehnat migrantimizning ota-onasini sanatoriyalarga joylashtirish uchun hokim yordamchisi tavsiyasi va pensiya guvohnomasi talab etiladi.
To‘rtinchi turdagi moddiy yordam — farzandlarini oromgohlarga joylashtirish bo‘yicha yo‘llanma mahalladagi yoshlar yetakchisining tavsiyanomasi asosida beriladi.
Bu jarayonda moddiy yordam va yo‘llanmalarning manzilli, o‘z egasiga aniq yetib borishini ta’minlash maqsadida barcha ishlar "Xorijda ish" elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Buning uchun alohida "Mehnat migrantining oilasiga yordam" xizmat blogini ishga tushirganmiz. Test rejimida ishlab turibdi. Qaror muhokamadan o‘tib qabul qilingach, to‘laqonli ishlashni boshlaydi. Bunda yordam turiga muhtoj bo‘lgan mehnat migranti dasturga kiradi va majmuada "Mehnat migrantining oilasiga yordam" xizmat blogidan ro‘yxatga o‘tadi hamda o‘zining mehnat migranti ekanini ko‘rsatadigan hujjatlarini yuklaydi. Tegishli anketani to‘ldirganidan keyin bizda u qabul qilinadi. Murojaatlarni ko‘rib chiquvchi alohida guruh ishlaydi va murojaatlarni sinchiklab ko‘rib chiqib, mahalladagi hokim yordamchisi yoki yoshlar yetakchisining tavsiyanomasini shakllantirish bilan shug‘ullanadi. Bu jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun hokim yordamchilarining "Onlayn mahalla" platformasi bilan yoshlar yetakchilarining platformasi o‘zaro integratsiya qilinadi. Hech bir jarayonda ariza yozish yoki kimgadir og‘zaki murojaat qilishga to‘g‘ri kelmaydi.
Yordam puli ajratilgani haqidagi ma’lumot shaxsiy kabinetga yuboriladi. Agar muvofiq emas deb topilsa, belgilangan tartibda rad etiladi hamda nega rad etilgani haqida ham mehnat migrantimizga xabar yuboriladi.
— Bir oilaga bir marta moddiy yordam ajratilsa, yana qancha vaqtdan keyin qayta yordam olish mumkin?
Qaror bilan aniq belgilanyapti. Murojaatchilar tomonidan belgilangan yordam pulidan bir yilda bir marta foydalanish imkoni berilyapti.
— Yordam pullari qanday to‘lanadi?
Qaror kuchga kirgach, yordam pullarini ajratish bo‘yicha alohida nizom tasdiqlanadi. Fuqaroning anketasiga kiritilgan karta raqamiga o‘tkazib berilishi nazarda tutilyapti.
Madina Ochilova suhbatlashdi.