Germaniyada IShIDni moliyalashtirishda gumonlangan rossiyaliklar hibsga olindi

Jahon 10:24 / 26.07.2024 1963

Rossiyalik Abdulrashid D. va Surxo Z. Hamburg va Shlezvig-Golshteyn shaharlarida IShID terrorchilik guruhini qo‘llab-quvvatlash va moliyalash, shuningdek, jinoiy tashkilotga a’zolikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda 25 iyul, payshanba kuni Germaniya federal prokuraturasi ma’lum qildi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, bu shaxslar Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarida IShID uchun mablag‘ to‘plagan tashkilot a’zolari bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, ish bo‘yicha tintuvlar bir vaqtning o‘zida Berlin, Hamburg, Shlezvig-Golshteyn va Saksoniyadagi yettita joyda o‘tkazilgan. 

Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer so‘zlariga ko‘ra, bu hibsga olishlar mamlakat xavfsizlik organlarining terrorizmga qarshi kurashdagi qat’iyatini yana bir bor namoyish etdi. «Biz bu muhitni kuzatib boramiz, bu, ayniqsa, Germaniyadan IShID terrorini qo‘llab-quvvatlayotgan, terrorni moliyalash tarmoqlarini tashkil etgan va xayriya yig‘ayotganlarga tegishli», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa nemis agentligi. 

Germaniyada Hamburg islom markazi faoliyati taqiqlandi 

24 iyul, chorshanba kuni Germaniya Ichki ishlar vazirligi Hamburg islom markazi (IZH) va unga qarashli bo‘linmalarni taqiqladi. Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, markaz Eron «islom inqilobi oliy rahbari»ning «to‘g‘ridan to‘g‘ri vakili» bo‘lib, Germaniyada «islom inqilobi» deb atalmish mafkurani «tajovuzkor shaklda» tarqatmoqda. 

Shu kuni Germaniya Ichki ishlar vazirligi rahbari Nensi Fezer Hamburg islom markazi «totalitar mafkurani targ‘ib qiladi», «Hizbulloh» harakatini qo‘llab-quvvatlaydi va «tajovuzkor antisemitizm»ni tarqatadi, deya bayonot berdi. «Biz qat’iy choralar ko‘rilayotganlar bilan mamlakatimizda o‘z e’tiqodi bilan yashayotgan ko‘plab musulmonlar o‘rtasida aniq farqni bilamiz. Taqiq hech qanday tarzda shialarning e’tiqodiga ta’sir qilmaydi», deb tushuntirdi federal vazir.

Ko‘proq yangiliklar: