AQSh prezidenti Jo Bayden millatga murojaat qildi va nima uchun prezidentlik poygasini tark etganini izohladi.
Men sizga Oval kabinetdan turib murojaat qilyapman. Bu muqaddas joyda meni Amerikaning nufuzli prezidentlari portretlari qurshab turibdi. Men bu joyni hurmat qilaman, ammo o‘z mamlakatimni undan ham ko‘proq sevaman. Men uchun sizning prezidentingiz bo‘lish sharaf edi. Amerika burilish nuqtasida. Bu tarixda bizning qarorlarimiz xalqimiz va dunyoning keyingi o‘n yilliklardagi taqdirini belgilab beradigan davrdir. Amerika oldinga yoki ortga, umid va nafrat, birlik va bo‘linish o‘rtasida tanlov qilishiga to‘g‘ri keladi.
Siz meni saylaganingizda, men siz bilan rostgo‘y bo‘lishga va’da bergandim. Haqiqat har birimizdan muhimroqdir. So‘nggi haftalarda menga ayon bo‘ldiki, demokratiyani himoya qilish uchun Demokratik partiyani birlashtirish kerak. Men o‘z tajribam, yetakchiligim va Amerika kelajagi bo‘yicha qarashlarim tufayli ikkinchi muddatga saylanishga loyiqman deb hisoblayman. Ammo demokratiyamizni saqlab qolish yo‘lida hech narsa, jumladan shaxsiy ambitsiyalar to‘siq bo‘lolmaydi. Shuning uchun men estafetani yangi avlodga topshirish yaxshiroq, bu millatni birlashtirishning eng yaxshi yo‘li degan qarorga keldim. Jamiyat hayotida ko‘p yillik tajribaga ega odamlar uchun vaqt bor. Ammo yangi, tetik, yosh ovozlar uchun ham vaqt va joy bor. Va bu vaqt va joy — hozir keldi.
Keyingi olti oyda men prezident lavozimidagi vazifalarimni bajaraman, Amerika kuchli, himoyalangan, erkin dunyo yetakchisi bo‘lib qolishi ustida ishlashni davom ettiraman. Biz Putin Ukrainani egallashiga xalal berish uchun mamlakatlar koalitsiyasini yig‘ishda davom etamiz. Biz NATOni mustahkamlaymiz. Men G‘azodagi urushni yakunlash va garovdagilarning barchasini uylariga qaytarish uchun ishlashda davom etaman.
Bayden shuningdek amerikaliklarni yaqin vaqtlar ichida AQSh prezidentligiga demokratlarning yangi nomzodi bo‘lishi kutilayotgan Kamala Harrisni qo‘llashga chaqirgan.
«Biz ko‘p narsani boshdan o‘tkazdik — yuz yillikdagi eng qo‘rqinchli pandemiya, Buyuk tushkunlik davridan buyon eng og‘ir iqtisodiy inqiroz, Fuqarolik urushi davridan buyon bizning demokratiyaga qilingan eng jiddiy hujum.
To‘rt yil muqaddam men prezidentlikka nomzodimni qo‘ygandim, chunki Amerika ruhi xavf ostida qolganini tushungandim va hozir ham shunday. Bir necha oydan keyin Amerika xalqi mamlakat kelajagi uchun yo‘nalishni tanlaydi. Men o‘z tanlovimni amalga oshirdim. Men ajoyib vitse-prezidentimiz Kamala Harrisga minnatdorchilik bildirmoqchiman. U tajribali, qat’iyatli, qobiliyatli. U men uchun aql bovar qilmas hamkor va mamlakatimiz uchun yetakchi bo‘ldi. Endi tanlov sizda. Amerikaning ajoyib tomoni shundaki, bu yerda qirol va diktatorlar emas, xalq hukmronlik qiladi. Tarix sizning qo‘lingizda, hokimiyat sizning qo‘lingizda», — degan Bayden.
Beshafqat reallik: Bayden murojaati satrlari orasida nimalar bor?
BBC’ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurker
Jo Bayden Oval kabinetdagi chiqishida doimo Amerika xalqi bilan hamqadam bo‘lishga va’da berdi.
Ammo u bunga erisha olmadi. U estafetani yangi avlodga berish vaqti kelganini aytgan, partiya birdamligi va Amerika demokratiyasini shaxsiy ambitsiyalardan ustun qo‘yish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, u nega prezidentlik saylovlariga atigi uch oy qolganida bunday qarorga kelganiga chuqur to‘xtalmagan.
Agar bu satrlar orasiga qaralsa, sovuq, beshafqat reallik ko‘zga tashlanadi: u iste’fo berdi, chunki u yutqazishi oydinlashayotgandi.
So‘rovlarda ortda qolishi, debatdagi sharmandali ishtiroki, Demokratik partiyada uni poygadan chiqishga chaqiruvchilar guruhi kengayib borgani g‘alabaga aniq yo‘l qoldirmagandi.
Uning bu nutqi, agar saylovda qatnasha olmaydigan bo‘lsa, lavozimida ham qolmasligi kerakligini aytayotgan respublikachilarni tinchlantira olmaydi.