Italiyaning UniCredit bank guruhi Rossiyadagi mijozlarga kredit berish hajmini 2025 yil oxirigacha iyun oyi oxiridagi 2,3 milliard yevrodan 1 milliard yevrodan kamaytirmoqchi. UniCredit o‘zining Rossiya biznesidagi transchegaraviy to‘lovlar hajmini shu davrda 11,2 milliard yevrodan 8,5 milliard yevrogacha kamaytirmoqchi, deb xabar berdi Reuters 24 iyul, chorshanba kuni.
Shu bilan birga, Reuters agentligining ta’kidlashicha, UniCredit guruhi hali Rossiya bozoridan butunlay chiqib ketishga intilmayapti. Uning ijrochi direktori Andrea Orsel «Rossiya hukumatiga aralashish va bankning mahalliy aktivlarini nazorat qilish uchun bahona beradigan har qanday qadamni qo‘yishni» istamasligini aytdi.
Guruh hisoboti shuni ko‘rsatadiki, ikkinchi chorakda UniCredit Rossiya biznesining sof foydasi yillik hisobda 1,5 baravarga - 116 million yevrogacha kamaydi. O‘tgan chorak bilan solishtirganda, UniCredit Rossiyadagi shu’ba korxonalarining foydasi 1,8 barobar kamaydi.
YeMB UniCredit’dan Rossiyadagi biznesini tezda tugatishni talab qildi
Germaniyaning Handelsblatt nashriga ko‘ra, yil boshida Yevropa Markaziy banki (YeMB) yozma ravishda UniCredit’dan Rossiyadagi biznesini tugatishni tezlashtirishni talab qilgan. Italiyaliklar Yevropa regulyatorini o‘z talablarini aniqlashtirishga majburlash uchun Lyuksemburgdagi Yevropa Ittifoqi sudiga da’vo arizasi bilan javob berishdi. Orcelning ta’kidlashicha, YeMB ko‘rsatmalariga ba’zi sohalarda rioya qilish Rossiya qonunchiligiga mos kelmasligi mumkin.
May oyi o‘rtalarida Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati arbitraj sudi Rossiyaning «Rusximalyans» kompaniyasi talabiga binoan UniCredit’ning Rossiya Federatsiyasidagi aktivlari va hisob raqamlarini 462,67 million yevro hajmida xatlovga oldi. «Gazprom»ga tegishli bo‘lgan ushbu kompaniya 2021 yilda Germaniyaning Linde konserni bilan Ust-Lugada tabiiy gazni qayta ishlash zavodini qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi va unga avans o‘tkazdi. Biroq, nemis hamkori Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli loyihadan chiqdi va kafil banklar bu summani qoplashmadi, chunki Rossiya kompaniyasiga pul o‘tkazish ham sanksiyalar rejimini buzish hisoblanadi.
UniCredit Rossiyada faoliyatini davom ettirayotgan Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) guruhidan keyin ikkinchi yirik G‘arb bankidir. OAV xabarlariga ko‘ra, YeMB, shuningdek, RBI’dan Rossiya Federatsiyasidagi biznesini tugatishni tezlashtirishni talab qilmoqda. Shuningdek, AQSh moliya vazirligi Rossiyada biznes yurituvchi Yevropa banklari AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.