Ukrainada sobiq deputatga suiqasd qilgan shaxs qo‘lga olindi

Jahon 21:09 / 25.07.2024 5141

Ukraina Oliy Radasi sobiq deputati Irina Farionning o‘ldirilishida gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xabar berdi.

Qayd qilinishicha, gumonlanuvchi 18 yoshli yigit bo‘lib, Dneprda qo‘lga olingan. U jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish vaqtida Lvov shahrida kamida uchta kvartirani ijaraga olgan. Tergov taxminiga ko‘ra, hibsga olingan shaxs faqat ijrochi bo‘lishi mumkin.

19 iyul kuni kechqurun noma’lum shaxs Lvov shahrida Irina Farionning boshiga qarata o‘q uzdi. U og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi, keyinchalik vafot etdi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi Irina Farion hayotiga suiqasd qilingan joyda kameralar ishlamayotganini ma’lum qildi.

Hodisa yuzasidan odam o‘ldirishga suiqasd moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, keyinchalik u qasddan odam o‘ldirish toifasiga o‘zgartirildi.

Farion 60 yoshda edi va 2012-2014 yillarda Oliy Rada deputati bo‘lgan. 2015 yilda Rossiya Tergov qo‘mitasi unga nisbatan qotillikka chaqirish, nafrat va adovatni qo‘zg‘atish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

2023 yil noyabrida Ukrainada Farionga qarshi jinoiy ish ochildi. U intervyularidan birida Ukraina Qurolli Kuchlarining rus tilida so‘zlashuvchi harbiy xizmatchilarini ukrainaliklar deb atash mumkin emasligini ta’kidlagan. Hodisa yuzasidan to‘rtta modda, jumladan, fuqarolarning irqi, millati, mintaqaviy mansubligiga qarab teng huquqliligini buzish, shuningdek, harbiy xizmatchining sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shundan so‘ng u Lvov politexnika gumanitar va ijtimoiy fanlar institutining ukrain tili kafedrasi professori lavozimidan ozod etildi, ammo shu yilning may oyida qayta tiklangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: