Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani hokimi o‘rinbosari javobgarlikka tortildi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tuman hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Abdikerim Bekbergenov «Tadbirkor virtual ofisi» orqali «YKN» MChJ (nomi o‘zgartirilgan) rahbari tomonidan yo‘llangan murojaatni bir oydan ortiq vaqt o‘tgandan keyin ko‘rib chiqqan.
«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasida murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari va qaror qabul qilish tartibi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, murojaatlarni ko‘rib chiqishdan so‘ng davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari har bir ariza va shikoyat bo‘yicha qaror qabul qiladi. Bu haqda murojaatchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar yetkazadi.
Qonunning 28-moddasida esa ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda, 1 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqishi belgilab qo‘yilgan.
Mansabdor shaxs yuqoridagi harakati orqali «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun unga nisbatan Biznes-ombudsman devoni tomonidan ma’muriy bayonnoma tuzildi.