Sud “Navoiyazot”ning Raqobat qo‘mitasiga qarshi shikoyatini rad etdi

Iqtisodiyot 20:12 / 25.07.2024 5488

Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi “Navoiyazot” AJning Raqobat qo‘mitasining qarori ustidan shikoyatini ko‘rib chiqib, rad etdi.

Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, mineral o‘g‘itlar bozorida ustun mavqega ega “Navoiyazot” yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja orqali sotishda narxlarni manipulyatsiya qilgan.

Jumladan, jamiyat tomonidan 2021-2023 yillarda mineral o‘g‘it (karbamid, sulfat ammoniya, superfosfat), polivinilxlorid (PVX) va formalin mahsulotlarini tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda va hajmlarda (jami 57 209 tonna) birja savdolariga qo‘ymagan, oqibatda taklifning sun’iy ravishda kamaytirilishi natijasida narxlar o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshgan.

Qo‘mitaning qayd etishicha, mazkur huquqbuzarliklar natijasida jamiyat tomonidan jami 20,5 mlrd so‘m asossiz daromad olingan. Shunga ko‘ra, monopoliyaga qarshi organ kompaniyaga bajarilishi majburiy ko‘rsatma bergan.

“Navoiyazot” AJ Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga shikoyat qilib, Raqobat qo‘mitasining bu qarori va ko‘rsatmasini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, sudning 23 iyul kungi hal qiluv qarori bilan, kompaniya shikoyati rad etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: