Rossiyada migrantlarni yollab ishlatishni afzal biluvchi ish beruvchilar uchun maxsus soliq joriy etilishi kerak, degan Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin“Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida.
“Rossiya mehnat resurslaridan foydalanayotgan ishbilarmonlarni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirishimiz va xorijiy fuqarolardan iborat ishchi kuchidan foydalanganlik uchun vaznli soliq nazarda tutilishi kerak”, — degan Bastrikin. Biroq u aniq raqamlar keltirmagan.
U shuningdek, mehnat migrantlarini turarjoy bilan ta’minlash va ularning transport xarajatlarini qoplab berishga chaqirgan. Bundan tashqari, biznes qonunni buzgan chet ellik ishchi mamlakatdan chiqarib yuboriladigan hollar uchun moliyaviy depozit yaratishi kerak deb hisoblaydi.
Bastrikin mehnat migrantlari o‘rniga Rossiya fuqarolarini ishga olish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqish muhim deb hisoblaydi. Bu holatda RF fuqarolari “ijtimoiy-mehnat kafolatlarining yuqori darajasi” bilan ta’minlanishi nazarda tutiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘oyani amalga oshirish uchun fuqarolarga rasman mamlakat ichidagi muayyan obektga borib, ish o‘rni va turarjoy bilan ta’minlanishini nazarda tutuvchi dastur yaratilishi kerak.
Bastrikin Rossiya iqtisodiyotining migrantlarga real ehtiyojini tahlil qilib chiqib, mamlakatga ishlash uchun kelgan chet elliklar sonini aniqlashtirishni taklif etgan. Tergov qo‘mitasi rahbarining fikricha, bu “davlatning ichki barqarorligiga tahdid soluvchi omillarni bartaraf etish uchun ta’sirli choralar” ishlab chiqish imkonini beradi.
Bastrikin bu va boshqa tashabbuslarini RF Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodinga 16 iyul kuni yo‘naltirganini aytib o‘tgan.
Unga ko‘ra, o‘tgan 4 oy ichida Moskvaga 1,2 mln, Sankt-Peterburgga 860 migrant kelgan.
Rossiyada inson huquqlari bo‘yicha vakil Tatyana Moskalkova 2023 yilda Rossiyaga MDH davlatlaridan 9,9 mln migrant kirib kelgani, ularning 8,5 mlni hisobga qo‘yilganini aytgan edi.