Rossiya Mudofaa vazirligi qurilish kompaniyasi bosh direktori ushlandi

Jahon 10:06 / 25.07.2024 6239

Rossiya Mudofaa vazirligining Harbiy-qurilish kompaniyasi (HQK)ning 46 yoshli bosh direktori Andrey Belkov Moskvada qo‘lga olindi. U davlat mudofaa buyurtmalarini amalga oshirishda mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 285.4-moddasi) gumonlanmoqda, deya xabar bermoqda «Kommersant» gazetasi 24 iyul, chorshanba kuni huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda o‘sha paytda maxsus obektlar uchun Harbiy-qurilish bosh boshqarmasi (HQBB)ni boshqargan Belkov Mudofaa vazirligining diagnostika va davolash markazi uchun 76 million rubl o‘rniga oshirilgan narxda - 121 million rublga tomograf sotib olishni tashkil qilgan. U puldagi farqning bir qismini o‘z do‘sti, «Partner Plyus» MChJ asoschisi Yelena Lyaxovichga o‘tkazgan, u bilan uskunalar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.

Tomografning haqiqiy yetkazib beruvchisi, «Kommersant» yozganidek, yirik nemis kompaniyasining dileri edi. Gazeta uning nomini keltirmadi, biroq bu nemis kompaniyasi sanksiyalar tufayli Rossiya bozorini tark etgani va shartnomani bajara olmaganini ta’kidlaydi. Diler ham puldagi farqning bir qismini olgan.

Bu borada jinoiy ish 2023 yil iyul oyida ochilgan, o‘sha yilning oktyabr oyida Lyaxovich va uning bosh hisobchisi Viktor Bilko ushlangan. Belkov avvalroq ushbu ish bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilingan edi. Tez orada tergov suddan HQK rahbarini hibsga olishni so‘rashi kutilmoqda. 

Rossiya Mudofaa vazirligi va Bosh shtabida shov-shuvli qo‘lga olishlar 

«Kommersant»ning ta’kidlashicha, Andrey Belkovga nisbatan boshqa da’volar ham paydo bo‘lishi mumkin, chunki uning ishini sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov nazorat qilgan - u aprel oyida juda katta miqdorda pora olganlikda ayblanib hibsga tashlangan. Ivanov bilan birga yana ikki ayblanuvchi ham hibsda saqlanmoqda.

May oyida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov qo‘lga olindi. U ham pora olishda ayblanmoqda. Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligini tanqid qilgan 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni Ivan Popov hibsda. U firibgarlikda ayblanmoqda. 
 
May oyi oxirida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, general-leytenant Vadim Shamarin hibsga olingan edi. U 36 million rubl miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda va aybini qisman tan olgan. 

Ko‘proq yangiliklar: