Rheinmetall Ukrainada snaryadlar ishlab chiqarish uchun buyurtma oldi

Jahon 11:56 / 25.07.2024 2518

Germaniyaning Rheinmetall mudofaa konserni Ukraina hukumatidan ushbu mamlakatda o‘q-dorilar ishlab chiqaruvchi zavod qurish bo‘yicha buyurtma oldi. Bu haqda 24 iyul, chorshanba kuni Dyusseldorfdagi Yevropaning eng yirik o‘q-dori ishlab chiqaruvchi korxonasi ma’lum qildi.

Yiliga minglab o‘q-dorilar

Ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan mashina va uskunalar yaqin vaqt ichida yetkazib beriladi, deyiladi xabarda. Zavodni qurishning aniq qiymati oshkor etilmagan, biroq buyurtma hajmi bir necha yuz million yevroni tashkil etishi ko‘rsatilgan. Ishlab chiqarish 24 oy ichida boshlanishi rejalashtirilgan. 

Yaqin kelajakda tashkil etiladigan «Ukraina o‘q-dorilar bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi» (Ukrainian Competence Center for Ammunition) deb nomlangan qo‘shma korxona yiliga minglab, asosan, 155 mm kalibrli artilleriya o‘qlarini ishlab chiqarishi kerak. 

Hamkorlar Ukrainada quriladigan ishlab chiqarish zavodini birgalikda ishlatishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Rheinmetall qo‘shma korxona aksiyalarining 51 foiziga, ukrainaliklar esa 49 foizga egalik qiladi. 

Ukrainada Rheinmetall zavodini qurish qarori fevralda e’lon qilingan

«Biz va hamkorimiz o‘q-dorilar bo‘yicha Ukraina markazini yaratmoqdamiz», dedi Rheinmetall bosh direktori Armin Papperger. Fevral oyi o‘rtalarida Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Rheinmetall va Ukraina o‘rtasida qo‘shma korxona yaratish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. 

2023 yil oktyabr oyida Rheinmetall transportlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bilan shug‘ullanadigan Ukrainaning «Ukroboronprom» davlat konserni bilan birinchi qo‘shma korxonasini tashkil etdi.

Ko‘proq yangiliklar: