G‘azodagi vayronalar ko‘lami, Baydenning xalqqa murojaatnomasi va Rossiyada migrantlarga qarshi yangi qonun - kun dayjesti

Jahon 13:01 / 25.07.2024 6674

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Birlashgan millatlar tashkiloti Isroil hujumlaridan so‘ng G‘azo sektoridagi vayronagarchiliklar miqyosini baholadi. Hisobotlarga ko‘ra, sektorni 40 mln tonna ichiqndi bo‘laklaridan tozalash uchun 15 yil vaqt ketadi. Bu ishlarni 100 ta yuk mashinasi bilan amalga oshirish kerak bo‘ladi. Shuningdek, bo‘laklarni ko‘mish uchun 500 gektar maydon ham talab etiladi.

BMTning Atrof-muhit dasturining baholashicha, G‘azoda 137 ming 279 ta binoga shikast yetgan, bu esa sektordagi jami binolarning yarmidan ham ko‘prov. Bino va inshshotlarning chorak qismidan ko‘proqgi to‘liq vayron bo‘lgan, 10 foizi kuchli zararlangan va uchdan bir qismi jiddiy shikastlangan.

Eng katta zarar ko‘rgan hudud G‘azoning shimoliy qimi bo‘lib, bu yerda binlarning 80 foizi yo vayron bo‘lgan yo jiddiy tarzda zararlangan.

Yuzlab shifoxona va tibbiyot muassasalariga ziyon yetgan, ularning 32 tasi to‘liq vayron qilingan. Masjidlar, cherkovlar vayron qilingan, 168 ta jamoatchilik binolari zararlangan.

BMT Rivojlanish dasturi G‘azoni urushdan so‘ng tiklash qiymatini 40 mlrd dollarga baholamoqda va bu summa kun sayin oshib bormoqda. Vayronlar ichida yorilmagan bombalarning ham borligi tiklanish jarayonini yanada murakkablashtiradi.

Urushning 292-kuniga kelib G‘azoda halok bo‘lganlar soni 39 ming 145 kishiga yedi. 90 ming 257 kishi yarador bo‘lgan. O‘ldirilganlarning 16 ming 200 nafari yosh bolalar. Qariyb 21 ming bolalar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.

So‘nggi sutka ichidagi Isroilning uch ommaviy qirg‘ini tufayli 55 kishi halok bo‘ldi va 110 kishi yaralandi.

Baydenning murojaatnomasi

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden xalqqa murojaat qilib, muddati oxirigacha o‘z lavozimida qolishini tasdiqladi. U 50 yillik siyosatdan so‘ng «mash’alani yangi avlodga topshirayotganini» aytdi.

Bayden o‘z murojaatida milliy mudofaa, saraton va global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni ustuvor vazifalar sifatida belgiladi.

«Men oldinga siljishning eng yaxshi yo‘li - bu mash’alani yangi avlodga topshirish, deb qaror qildim», - deya 81 yoshli AQSh prezidentining nutqidan iqtibos keltirdi Reuters.

Gap Baydenning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod bo‘lishi uchun vitse-prezident Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlash qarori haqida ketmoqda. Bayden o‘z nutqida Harrisni tajribali, qattiqqo‘l va malakali siyosatchi, deb atagan.

«Amerikani buyuk qiladigan narsa shundaki, qirollar va diktatorlar hokimiyatga ega emas. Odamlar bor. Tarix sizning qo‘lingizda. Kuch sizning qo‘lingizda. Amerika g‘oyasi sizning qo‘lingizda», -­ dedi Jo Bayden.

Bayden, shuningdek, 26 iyul kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashib, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini muhokama qilishini ham aytgan.

Eronga qarshi ittifoq

AQShda bo‘lib turgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShga Eronga qarshi harbiy ittifoq tuzishni taklif qildi. U, shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi tinch aholini ataylab nishonga olgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.

24 iyul kuni AQSh Kongressida so‘zlagan Netanyahu, shuningdek, Vashingtonni Isroilga G‘azo sektoridagi HAMAS guruhini mag‘lub etishi uchun harbiy yordam yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.

Netanyahuning aytishicha, Isroilning HAMASga qarshi urushi ikki sivilizatsiya o‘rtasidagi ziddiyat emas, balki «sivilizatsiya va vahshiylik o‘rtasidagi to‘qnashuv». Uning ta’kidlashicha, Isroil nafaqat o‘ziga, balki AQSh va arab dunyosiga ham tahdid solayotgan terrorizmga qarshi urush olib bormoqda. Shu bilan birga, Eron ham HAMAS, ham Livanning «Hizbulloh» guruhi va Yaman husiychilari ortida turibdi, dedi Isroil bosh vaziri. U Tehrondagi hukmron rejimni Yaqin Sharq va butun dunyo xavfsizligiga asosiy tahdid deb atadi.

Isroil bosh vaziri Falastin tarafdorlari namoyishlari ishtirokchilarini «eronparastlar» deb atadi. Bu namoyishchilarning ko‘pchiligi o‘zlari nima haqida gapirayotganini bilmaydi va turli shiorlarni ilgari surmoqdalar, degan Netanyahu.

Harrisning muvaffaqiyati

Jo Bayden poygadan chiqqanidan keyingi birinchi so‘rovda Kamala Harris Donald Trampdan o‘zib ketdi.

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Reuters agentligi va Ipsos kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan milliy so‘rovnomada sobiq prezident Donald Trampni ortda qoldirdi. Harrisni respondentlarning 44 foizi, Trampni esa 42 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Tadqiqot amaldagi davlat rahbari Jo Bayden qayta saylanish uchun kurashdan voz kechganini e’lon qilganidan keyin o‘tkazildi.

So‘rovda qatnashganlarning 56 foizi 59 yoshli Harrisning «o‘tkir aqli» va «qiyinchiliklarga dosh bera olishini» e’tirof etishdi. 78 yoshli Tramp haqida faqat 49 foiz respondent shunday fikrda.

Bayden bayonot berishidan oldin, 15-16 iyul kunlari o‘tkazilgan avvalgi so‘rovda Tramp va Harrisning har biri 44 foizdan to‘plagan. Iyul oyi boshida esa sobiq prezident noyabrdagi saylovlarda o‘zining potensial raqibidan bir foizga o‘zib ketdi.

Nepaldagi aviahalokat

Nepal poytaxti Katmandu aeroportida Saurya Airlines aviakompaniyasining bortida 19 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi.

Kathmandu Post nashri yozishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot qulagan joyda 18 kishining jasadi topilgan. Ekpiaj komandirlaridan biri tirik qolgani aytilmoqda.

Sinov parvozini amalga oshirgan samolyotda Saurya Airlines aviakompaniyasining 17 nafar texnik xodimi hamda ekipajning ikki a’zosi bo‘lgan.

Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 11:00 atrofida uchish-qo‘nish yo‘lagidan havoga ko‘tarilishidan ko‘p o‘tmay qulagan.

Internetda e’lon qilingan videokadrlarda samolyot qulaganidan keyin olov va tutun ichida qolganini ko‘rish mumkin. Hodisadan keyin voqea joyiga o‘t o‘chirish mashinalari va tez yordam karetalari yo‘llangan.

Qutqaruvchilar xarobalar orasidan kemaning 37 yoshli kapitanini tirik holda olib chiqishgan va u shifoxonaga olib ketilgan.

Rossiyada migrantlar uchun yangi qonun

Rossiya Davlat dumasi xorijiy davlat fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborishning yangi migratsion rejimi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, deb xabar beradi TASS.

Qonun loyihasining mohiyatiga ko‘ra, Rossiyada bo‘lib turish muddatlariga rioya qilmagan, migratsion hujjatlar muddatini o‘tkazib yuborgan va huquqbuzarliklar sodir etgan xorijlik fuqarolar ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Bunday migrantlar davlat nazorati reyestriga kiritiladi va reyestr davlat hokimiyati organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun ochiq bo‘ladi.

Ayni paytda Rossiyada chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni RF hududidan tashqariga ma’muriy jazo tartibida chiqarib yuborish sud tomonidan belgilanadi.

Chiqarib yuborilish rejimida bo‘lgan fuqarolarga ko‘chmas mulk va avtomobil xarid qilish, kreditlar olish va avtomobil boshqarish, shuningdek, Rossiya hududida erkin harakatlanish taqiqlanadi. Shuningdek, ularga bank hisob raqamidan 30 ming rubldan ortiq mablag‘ ishlatishi, yangi hisob raqam ochishi taqiqlanadi. Nikoh tuzish chog‘ida FHDYo bo‘limi xorijlik fuqaroning reyestrda bor-yo‘qligini tekshirib ko‘radi.

Kuchishlatar tizimlar xorijlik fuqaro istiqomat qilayotgan xonadonga moneliksiz kirish huquqiga ega bo‘lishadi.

Yangi o‘zgarishlar xorijlik fuqarolarni deportatsiya qilish va ma’muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish mexanizmlarini unifikatsiya qilishga, shuningdek, ularni chiqarib yuborish bo‘yicha vakolatlarni ichki ishlar organlariga topshirishga yo‘naltirilgan.

Qonun loyihasi mualliflari bu choralar odamlarni sudga keltirishda vaqt va mablag‘ bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirishi, qoidabuzarlarni chiqarib yuborishni tezlashtirishiga ishonchi komil.

Ko‘proq yangiliklar: