Farg‘ona buyum bozorida tadbirkorlar va ma’muriyat o‘rtasida nizo kelib chiqdi

Jamiyat 21:12 / 25.07.2024 9710

Farg‘ona shahri buyum bozorida tadbirkorlar va ma’muriyat o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bozor hududida janjal yuz bergani, Milliy gvardiya xodimlari odamlarni tinchlantirishga uringanini ko‘rish mumkin. Nizo nima sababdan kelib chiqqani aytilmagan.

Milliy gvardiya boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, hodisa 24 iyul kuni sodir bo‘lgan. Kelishmovchilikka asosiy sabab — ko‘plab tadbirkorlar shartnomada belgilangan hududdan chiqib, bozor ichki yo‘laklarida savdo qilayotgani ta’kidlanmoqda.

Qayd etilishicha, «Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan bozor ma’muriyati tadbirkorlardan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslikni talab qilgan.

«Bozor ma’muriyati bu borada tushuntirish ishlarini boshlaganda tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro tushunmovchilik yuzaga kelgan», deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan hech kim jabrlanmagan, belgilangan tartibda ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan. Milliy gvardiya boshqarmasining ta’kidlashicha, har bir holatga huquqiy baho beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: