Jo Bayden 25 iyul, chorshanba kuni kechqurun xalqqa qilgan murojaatida, o‘z muddati tugaguncha, ya’ni yana olti oy Qo‘shma Shtatlar prezidenti lavozimida qolishini tasdiqladi. U milliy mudofaa, saraton va global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni ustuvor vazifalar sifatida belgiladi. Bayden, shuningdek, 26 iyul kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashib, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini muhokama qilmoqchi.
«Men oldinga siljishning eng yaxshi yo‘li - bu mash’alani yangi avlodga topshirish, deb qaror qildim», - deya Reuters 81 yoshli AQSh prezidentining nutqidan iqtibos keltiradi. Gap Baydenning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod bo‘lishi uchun vitse-prezident Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlash qarori haqida ketmoqda. Bayden o‘z nutqida Harrisni tajribali, qattiqqo‘l va malakali siyosatchi deb atadi.
«Amerikani buyuk qiladigan narsa shundaki, qirollar va diktatorlar hokimiyatga ega emas. Odamlar bor. Tarix sizning qo‘lingizda. Kuch sizning qo‘lingizda. Amerika g‘oyasi sizning qo‘lingizda», dedi Jo Bayden.
Baydenning poygadan chiqishi va Harris nomzodi
Jo Bayden 21 iyul kuni AQSh prezidentligi saylovidan o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi. Bayden o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif qilib, uni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashini» bildirdi. Keyinchalik Kamala Harris AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. U respublikachi Donald Trampni mag‘lub etish uchun «Demokratik partiya va xalqni birlashtirish» maqsadida «hamma narsani qilishini» qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, AQSh prezidenti Jo Bayden poygadan chiqqanidan so‘ng, vitse-prezident Kamala Harris bo‘lajak saylovlarda nomzod bo‘lish uchun Demokratik partiya delegatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini e’lon qildi. «Bugun kechasi partiya nomzodi uchun zarur bo‘lgan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashga erishganimdan faxrlanaman», dedi u 22 iyul kuni.
Bundan tashqari, Harris Reuters agentligi va Ipsos kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan milliy so‘rovnomada sobiq prezident Donald Trampni ortda qoldirdi. Harrisni respondentlarning 44 foizi, Trampni esa 42 foizi qo‘llab-quvvatlagan. U Bayden kurashni davom ettirishdan bosh tortganini e’lon qilganidan keyin 24 soat ichida rekord miqdorda – 81 million dollar mablag‘ yig‘di.