Asosiy stavka pasaydi, bu nimalarga ta’sir qiladi? – Markaziy bank raisi izoh berdi

Iqtisodiyot 20:40 / 25.07.2024 16685

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizdan 13,5 foizga o‘zgartirdi. Bu esa 7 yildan so‘ng asosiy stavkaning birinchi marta 14 foizdan pastroq tushishi hisoblanadi. 25 iyul kungi matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov asosiy stavka pasaytirilishining ta’sir ko‘lami haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Asosiy stavkaning 0,5 foizga pasaytirilishi qayerda aks etadi desak, birinchi navbatda asosiy stavka bilan bog‘liq, o‘zgaruvchan foizlarda ajratilgan kreditlarga ta’sir qiladi. Bu bevosita ta’lim krediti, imtiyozli ipoteka krediti, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha asosiy stavkaga bog‘lab ajratilgan kreditlarda o‘z aksini topadi.

Ikkinchi juda ta’sirini tez ko‘radigan jarayonimiz bu – Markaziy bank bilan bo‘ladigan pul bozoridagi operatsiyalar bilan bog‘liq. Bizning repo, overnight operatsiyalarimiz, depozit operatsiyalarimizda bu albatta o‘z aksini topadi. Endi bevosita pul bozoriga keng ma’nodagi ta’siri, jahon tajribasida ham shu narsa bor, II chorakdan VI chorakkacha cho‘zilishi mumkin. Ya’ni bozor stavkalarida belgilangan kreditlar bo‘yicha. Yana bir narsani aytaman, kredit foizini asosiy stavkaga bevosita bog‘lab qo‘yish birmuncha noto‘g‘ri. Chunki har bir qarz oluvchi bilan bank o‘rtasidagi munosabatlar qarz oluvchining layoqatliligi darajasidan kelib chiqib belgilanadigan jarayon», dedi MB raisi.  

Ko‘proq yangiliklar: