2023 yilda Rossiyaga migrantlar oqimi so‘nggi o‘n yildagi eng past darajaga yetdi. Rosstatning 22 iyul, dushanba kuni e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatga xorijdan 560 ming kishi kelgan. Bu 2022 yilga nisbatan 23 foizga kam, o‘sha paytdagi oqim 730 ming kishini tashkil qilgan.
Tashrif buyuruvchilarning eng katta qismi Tojikistondan (31 foiz), ikkinchi eng ko‘pi Qirg‘izistondan (10 foiz) kelganlar. Ukraina, Armaniston va Qozog‘istonga jami migrantlar sonining 9 foizi, O‘zbekistonga 4 foiz to‘g‘ri keladi. Belarus, Xitoy, Turkmaniston, Hindiston va boshqa mamlakatlardan ham migrantlar kelgan.
Migrantlar orasida eng talabgir mintaqalar Moskva va Tyumen viloyatlari, shuningdek, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi - Yugra: ularda migratsiya o‘sishi 57 foizni tashkil etdi, bu 109 ming kishi degani. Primorsk o‘lkasi, Tomsk viloyati va Ukraina bilan chegaradosh viloyatlar migrantlarni eng kam qabul qilgan.
Migrantlarning faqat uchdan bir qismi ishlash maqsadida kelgan
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Rossiyaga kelganlarning yarmidan ko‘pi (55 foiz) erkaklar, 45 foizi esa - ayollar. Ularning katta qismi (76 foizi) mehnatga layoqatli yoshdagilar, aksariyati 20 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Migrantlarning 11 foizini keksalar, 13 foizini 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi.
Migrantlar 2023 yilda o‘z harakatlarini asosan «shaxsiy va oilaviy sabablar», jumladan, oila qurish, ota-onalar yoki bolalar bilan birlashish bilan izohlagan. Chet elliklarning atigi 28 foizi mehnat maqsadlariga intilishini bildirgan.