Rossiya yana Ukrainaning bir qancha viloyatlariga hujum qildi. Odessa viloyatida 24 iyul, chorshanbaga o‘tar kechasi port infratuzilmasi va Izmoil tumanidagi ko‘p qavatli uy o‘qqa tutildi, natijada 3 kishi jarohatlandi, portdagi bir qancha binolar vayron bo‘ldi, dedi Odessa VHM rahbari Oleg Kiper.
Xerson va Xarkiv: halok bo‘lganlar bor
Xersonda 1947 yilda tug‘ilgan ayol turar joy binosining o‘qqa tutilishi natijasida halok bo‘ldi. Qutqaruvchilar uning jasadini Dnipro tumanidagi uy vayronalari ostidan topdi, deb xabar berdi Xerson viloyati harbiy ma’muriyati. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, zarba natijasida 55 yoshli jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan - Xersonda yashovchi fuqaroga o‘tkir stress reaksiyasi tashxisi qo‘yilgan.
Rossiyaning Xarkivni o‘qqa tutishi natijasida yana bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda shahar meri Igor Terexov Telegram’da ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 24 iyulga o‘tar kechasi Xarkivga ikkita zarba uyushtirilgan, ulardan biri shahar tumanlaridan biridagi sanoat zonasiga, ikkinchi zarba esa xususiy sektor hududiga qaratilgan, natijada, uylardan birida yong‘in boshlangan.
Kiyev viloyatida urib tushirilgan Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlari qoldiqlari aholi punktlari tashqarisiga tushdi, deb xabar berdi Kiyev viloyati davlat ma’muriyati rahbari Ruslan Kravchenko Facebook’da. «O‘tgan kecha dushman yana uchuvchisiz uchoq yordamida hududimizga hujum qilishga urindi, havo hujumidan mudofaa kuchlari mintaqada 5 soatdan ortiq vaqt davomida ishladi», — dedi u. Kravchenkoning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida hech kim jabrlanmagan, turar joy yoki muhim infratuzilmaga zarba berish qayd etilmagan.
Ukraina qurolli kuchlari 17 ta dronni yo‘q qildi
Ukraina qurolli Kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk Facebook’da xabar berishicha, 24 iyulga o‘tar kechasi Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 17 ta Shahed-136/131 rusumli dronlarni va 8 ta razvedkachi UUAni yo‘q qilgan, ularning aksariyati Odessa viloyatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, tunda Xarkivga hujum Belgorod viloyatidan ikkita raketa bilan amalga oshirilgan – ulardan biri «Iskander-M» ballistik raketasi bo‘lib, ikkinchi raketaning turi aniqlanmoqda.
Bundan tashqari, rossiyaliklar Ukraina janubiga Primorsko-Axtarskdan va Qrim hududidan Shahed tipidagi UUA bilan hujum qilishdi, dedi Oleshchuk. «Jami radiotexnik qo‘shinlar dushmanning 23 ta hujumchi uchuvchisiz uchoqlarini aniqladi va kuzatib bordi», — deya qo‘shimcha qildi u.