Rossiya davlat tashkilotlarini ham «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qilishni boshlaydi

Jahon 13:25 / 24.07.2024 3983

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi 23 iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ta’sischilari yoki ishtirokchilari xorijiy davlatlarning davlat organlari bo‘lgan har qanday tashkilotlarni Rossiyada «nomaqbul» deb tan olishga imkon beruvchi qonunlar to‘plamini qabul qildi, ularda ishtirok etganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Bu haqda Rossiya parlamenti matbuot xizmati xabar berdi. Ilgari amaldagi qonunchilik ta’sischilari yoki ishtirokchilari xorijiy davlat organlari bo‘lgan xorijiy va xalqaro tashkilotlar faoliyatini «nomaqbul» deb tan olishga imkon bermas edi. Ushbu norma faqat xorijiy nodavlat tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.

Qonun loyihasi parlamentga 2024 yil 12 fevralda kiritilgan. 11 iyun kuni Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin shunday dedi: «AQSh, Britaniya va boshqa Yevropa davlatlari idoralari tomonidan tuzilgan tashkilotlar Rossiyaga qarshi faoliyat yuritmoqda, ularni to‘xtatish fuqarolarimiz xavfsizligi, manfaatlarini himoya qilish masalasidir».

Jazo choralari

Xususan, qonun davlat ishtirokidagi nomaqbul tashkilotlarga a’zo bo‘lgan xorijliklarning Rossiyaga kirishini taqiqlaydi. Ushbu yondashuv Rossiya a’zosi bo‘lgan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, qabul qilingan qonunlarga ko‘ra, har qanday nomaqbul tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik uchun rossiyaliklar 500 ming rublgacha jarima yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi, uning faoliyatini tashkil etganlik uchun esa - 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Rossiya Federatsiyasining ichki ishlariga xorijiy davlatlar aralashuvi faktlarini tekshirish bo‘yicha Duma komissiyasi rahbari Vasiliy Piskarev jurnalistlarga tushuntirganidek, istalmagan tashkilot faoliyatida ishtirok etish, masalan, «tashkilotning axborot materiallarini nashr etish, shu jumladan logotiplardan foydalanish va tadbirlar to‘g‘risidagi e’lonlarni tarqatish, shuningdek ularni saqlash, ijtimoiy tarmoqlarda nomaqbul tashkilot internet sahifalari va hamjamiyatlarini yuritish» hisoblanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ishtirok «ushbu tashkilotning dasturlari yoki loyihalarini amalga oshirish, xorijda bunday loyihalarda ishtirok etish»ni ham o‘z ichiga oladi.

Ko‘proq yangiliklar: