Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Yevropa vitse-chempioniga qarshi. Olimpiadadagi tarixiy debyut oldidan
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston olimpiya jamoasi Olimpiadada o‘z tarixidagi ilk uchrashuvini o‘tkazadi. Temur Kapadze shogirdlari «Park de Prens» stadionidagi debyut o‘yinida Olimpiadaning amaldagi kumush medali sohibi Ispaniyaga qarshi saf tortadi. Osiyo va Yevropa vitse-chempionlari o‘rtasida o‘tadigan Parij-2024dagi dastlabki uchrashuv ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ladi.

Uchrashuvni esa afrikalik hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Bosh hakam — Beida Dahane (Mavritaniya), unga qanotlarda Jyerson Santos (Angola) va Stefan Yiyembe (Keniya) yordam beradi. Zaxira hakami vazifasi Dryuv Fischerga (Kanada) topshirilgan. Lahlo Benbraham (Jazoir) esa VARda faoliyat olib boradi. Bahslarda jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistondan 450 nafar muxlis Parijga olib borilgan.
Ispaniya - Yevropa vitse-chempioni hamda Olimpiada-2020 finalchisi
Ispaniya milliy jamoasi 10 kun avval Yevro-2024 finalida Angliyani mag‘lub etib, qit’a chempioniga aylangan bo‘lsa, Ispaniya olimpiya jamoasi 2023 yilda Yevropa chempionati U21 turniri finalida Koul Palmer yetakchiligidagi Angliyaga mag‘lub (0:1) bo‘lib, Olimpiada-2024ga ko‘hna qit’aning vitse-chempioni sifatida yetib kelgan. Angliya esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri XOQ a’zosi emasligi sababli turnirda ishtirok eta olmaydi.
Santyago Deniya Sanches yoxud Santi nomi bilan tanilgan ispaniyalik sobiq futbolchi Ispaniya olimpiya jamoasining bosh murabbiyi sanaladi. 50 yoshli mutaxassis Tokio-2020 Olimpiadasida ham Luis de la Fuentening yordamchisi sifatida qatnashgan va Ispaniya olimpiya jamoasi finalda Braziliyaga yutqazib (1:2), kumush medali bilan cheklangandi.
O‘zbekiston – Osiyo vitse-chempioni
Ispaniya olimpiya jamoasi turnirga Yevropaning ikkinchi jamoasi sifatida kelgan bo‘lsa, O‘zbekiston U23 jamoasi Osiyo vitse-chempioni bo‘lib, Parijga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi. Temur Kapadze shogirdlari Osiyo kubogi U23 yarimfinalida 29 aprel kuni Indoneziyani mag‘lub (2:0) etib, mamlakat tarixida Olimpiadaga jamoaviy sport turida ilk yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Finalda esa vakillarimiz Yaponiyaga alamli tarzda mag‘lub (0:1) bo‘lgan.
Yevro-2024 g‘oliblari ham tarkibda
Ispaniyaning Parij-2024 turniriga boradigan 22 futbolchidan iborat tarkibidan Yevro chempioniga aylangan ikki futbolchi – Fermin Lopes (Barselona) va Aleks Baena (Vilyarreal) ham Olimpiadaga boradigan ro‘yxatdan joy olgan.
Murabbiylar shtabi Yevro-2024 qahramoniga aylangan Lamin Yamalni ham Parijga olib borishni istagan, ammo «Barsa» mavsum oldi yig‘inlar sabab bunga ruxsat bermagan. Shunga qaramay, tarkibda Kataloniya klubidan 3 futbolchi bor – Fermin Lopes, Pau Kubarsi va o‘tgan mavsum «Jirona»da ijarada bo‘lgan Erik Garsiya.
Ispaniyaning Olimpiada uchun yakuniy tarkibi:
Ispaniya tarkibi O‘zbekistondan qariyb 14 baravar qimmat
Ispaniya olimpiya jamoasi tarkibi bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasining eng qimmat 2-jamoasi sanaladi. Transfermarkt talqiniga ko‘ra, ispanlarning 22 o‘yinchidan iborat umumiy tarkibi 370 million yevroga baholangan. Bu borada faqat Tiyerri Anri murabbiyligidagi Fransiyaning (411 mln yevro) tarkibi ispanlardan qimmatroq.
Temur Kapadze shogirdlari esa bu borada Parij-2024da 9-o‘rinda bo‘lib, Osiyoning eng qimmat jamoasi sanaladi. Bizdan keyingi o‘rinda esa Yaponiya – 22,6 mln yevro narx bilan 10-o‘rindan joy olgan.
O‘zbekistonning eng qimmatbaho o‘yinchilari Abbosbek Fayzullayev (6 mln yevro), Eldor Shomurodov (5 mln yevro), Oston O‘runov (2,5) va Abduqodir Husanov (2,5 mln yevro) sanalasa, ispanlarda Baena (40 mln), Samu (35 mln) va Fermin (30) eng qimmatbaho o‘yinchilar sifatida ko‘rsatilgan.
O‘zbekistonning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:
1. Abbosbek Fayzullayev – 6 mln yevro
2. Eldor Shomurodov – 5 mln yevro
3. Oston O‘runov – 2,5 mln yevro
Ispaniyaning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:
1. Aleks Baena – 40 mln yevro
2. Samu Omorodion – 35 mln yevro
3. Fermin Lopes – 30 mln yevro
Ispaniya bosh murabbiyi O‘zbekiston haqida:
«Olimpiada – juda qiyin turnir, bu deyarli jahon chempionatidek musobaqa, faqat kichikroq ko‘lamda. Birinchi o‘yinimiz odatda eng muhimi sanaladi va biz ham bor e’tiborimizni ushbu bahsga qaratganmiz. Oltin medallar uchun kurashish biz uchun jiddiy chaqiruv. So‘nggi turnirda kumush medaliga ega chiqqandik, Olimpiada oltin medalini yutmaganimizga ancha bo‘lgan.
O‘zbekiston – vazifamizni qiyinlashtirishi mumkin bo‘lgan yaxshi jamoa. Ularni mag‘lub etish va o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritish uchun 100 foiz kuch bilan harakat qilish shart».
Anons. Parij-2024. 1-tur
1-tur. 24 iyul (chorshanba)
O‘zbekiston – Ispaniya
Parij, «Park de Prens» stadioni.
O‘yin boshlanish vaqti: 18:00
TV-translatsiya: Sport.
Tavsiya etamiz
Germaniyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi
Jamiyat | 15:33 / 23.07.2025
O‘zbekistonda iPhone narxlari qimmatlashdi. Nega?
Iqtisodiyot | 21:38 / 22.07.2025
Toshkentda bemorga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamaldi
Jamiyat | 15:28 / 22.07.2025
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan ozdiruvchi qahvalar savdosiga chek qo‘yildi
Jamiyat | 09:27 / 22.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
AQSh Isroil - HAMAS muzokaralaridan chiqdi
Jahon | 00:46
-
Sun’iy intellekt olimlarga Qadimgi Rim tarixidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga yordam beradi
Fan-texnika | 23:45 / 24.07.2025
-
Zalujniy Rossiyaga qarshi urush 2034 yilgacha davom etishini bashorat qildi
Jahon | 22:53 / 24.07.2025
-
Toshkentda voleybol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati boshlandi
Sport | 22:49 / 24.07.2025
Mavzuga oid

21:24 / 27.05.2025
XOQ rossiyalik sportchilarni 2026 yilgi Qishki Olimpiada o‘yinlariga kiritmadi

20:33 / 13.01.2025
Parij Olimpiadasining ko‘plab medallari nuqsonli bo‘lib chiqdi

14:20 / 21.12.2024
RF atletlariga neytral maqomda OO‘ga yo‘llanma olish uchun ruxsat berildi

20:31 / 20.09.2024