Moskvada avtomobilni portlatishda gumon qilingan Rossiya fuqarosi Turkiyada qo‘lga olindi, deb ma’lum qildi mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Ali Yerliqoya.
Vazirning ta’kidlashicha, Turkiyaga Interpolning Rossiya bo‘limi vakillaridan so‘rov kelib tushgan. So‘rovda «Rossiya fuqarosi Yevgeniy Serebryakov Moskvada avtomashinani portlatib, terakt sodir etgani», oqibatda ikki kishi yaralangani aytilgan. So‘rovda gumonlanuvchining Turkiyaga Moskva-Bodrum reysi samolyotida kelgani ham aytilgan.
Mug‘la viloyati politsiyasi Rossiya Ichki ishlar vazirligidan olingan ma’lumotlarga asoslanib, gumonlanuvchini qo‘lga oldi. U 24 iyul kuni tushdan keyin Bodrum politsiyasi tomonidan ushlangan.
Rossiya FXX direktori Aleksandr Bortnikov avvalroq avtomobilni portlatishda gumonlanuvchi Turkiyaga qochib ketgani haqida xabar bergan edi. Gumondorni Rossiyaga ekstraditsiya qilish mumkinmi, degan savolga javob berar ekan, Bortnikov Rossiya tomoni Turkiya bilan ish olib borayotganini aytdi.
Moskva shimolida 24 iyul kuni ertalab GRU (Davlat razvedka boshqarmasi) ofitseriga tegishli bo‘lgan Toyota mashinasi portlab ketdi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida erkak kishining ikki oyog‘i tovoni uzilib ketgan, ayolning yuzi jarohatlangan. Mashina Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi polkovnigiga tegishli ekani aytilmoqda. Ba’zi manbalarda uning GRU harbiy bo‘limi xizmatchisi Andrey Torgashov ekani ta’kidlangan. Rossiya Tergov qo‘mitasi qotillikka suiqasd bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi, ammo bu terakt haqidagi moddaga qayta tasniflanishi mumkin.