Moskvada avtomobil portlatildi

Jahon 16:23 / 24.07.2024 23718

Chorshanba kuni erta tongda Moskva shahridagi turar joy binosi hovlisida Toyota Land Cruiser rusumli avtomobil portlatib yuborildi. OAV mashinada Rossiya mudofaa vazirligi ofitseri bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi. Boshqa versiya ham bor: sun’iy aloqa radiomarkazi boshlig‘i o‘rinbosari Andrey Torgashovning bu avtomobilga aloqasi yo‘q, uning adashining avtomobili portlagan, ammo u ham harbiy.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan foto va videolarga ko‘ra, portlash ko‘p qavatli turar joy binosi hovlisida ro‘y bergan. OAV rulga o‘tirgan erkak og‘ir jarohatlangani, ikki oyog‘i uzilib tushgani, uning rafiqasining yuzida tilingan jarohatlar borligi haqida xabar bergan. NTV telekanaliga ko‘ra, yo‘ltanlamas mashina unga er-xotin kelib o‘tirganida, soat 6:30 atrofida portlab ketgan. Videoda ham shunday kartinani ko‘rish mumkin.

GRU ofitseri portlatilgani to‘g‘risidagi versiya

«Kommersant» gazetasi ma’lumot manbasini keltirmagan holda Moskva shimolida avtomobil portlatilishi oqibatida jabrlangan shaxs «GRUda xizmat qilishi va o‘z qismida aloqa vositalariga mas’ul» ekani haqida yozdi.

Bu versiyani birinchi bo‘lib Astra telegram-kanali e’lon qildi. Kanaldagi postda portlatilgan Toyota Land Cruiser rusumli jip Moskva oblastidagi harbiy qismning radiostansiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Andrey Torgashovga tegishli ekani aytilgan.

Keyinroq bu familiya TASS davlat agentligi xabarida ham keldi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil chindan ham harbiy xizmatchi Torgashov va uning rafiqasiga tegishli bo‘lgan, ularning ikkisi ham jarohatlangan.

Ichki ishlar vazirligi avtomobilga o‘rnatilgan «noma’lum predmet detonatsiyaga uchragani» va ikki kishi jarohat olgani haqida xabar qilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi hodisa Sinyavinskaya ko‘chasida ro‘y berganini tasdiqlagan (qo‘mitaning ertalabki press-relizida «portlash» so‘zi ishlatilmagan).

«Kommersant»ga ko‘ra, «jabrlanuvchining shaxsidan kelib chiqqan holda» tergovchilar boshqa versiyalar qatori «Ukraina maxsus xizmatlari va ularning josuslari harakati» bilan bog‘liq versiyani ham o‘rganmoqda.

TASS manbasi tergovchilar Toyota Land Cruiser potlashi bilan bog‘liq bir necha versiyani ko‘rib chiqayotganini xabar qilgan. «Ulardan biriga ko‘ra, portlash transport vositasining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq», — degan agentlik suhbatdoshi. TASS Torgashovni «maxsus harbiy amaliyot» (Ukrainadagi urush) ishtirokchisi deb atagan.

Ukraina avtomobil portlashiga aloqadorligini rad etgan. Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak The Breakfast Show efirida Kiyev mazkur hodisaga aloqador emasligini aytgan. «Tushunishimcha, u yerda buzuq jihoz bo‘lgan. Bunga hech qanday aloqamiz yo‘q», — degan Podolyak.

Muqobil versiya

Bu vaqtda «360.ru» telegram-kanali Andrey Torgashovning rafiqasi bilan bog‘langani va u o‘z turmush o‘rtog‘ida «barchasi joyida» ekani, OAVda tarqalgan ma’lumot — «feyk»ligini aytgani haqida xabar tarqatdi. Kanal ayol portlatilgan avtomobilda boshqa odam bo‘lganini aytganini yozgan.

Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan RT telekanali esa Torgashovning shaxsan o‘zi uning mashinasi Moskvadagi avtoturargohda portlatilganini rad etganini ma’lum qildi. RT uni sun’iy yo‘ldosh aloqasi radiomarkazi boshlig‘i o‘rinbosari deb atagan.

Xabarga ko‘ra, Torgashov ro‘y bergan hodisa haqida ishda o‘tirganida o‘qigan. U mazkur avtomobilga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. «Men hatto bu rayonda yashamayman. Men umuman boshqa joyda istiqomat qilaman», — degan ofitser.

«Agenstvo» nashri esa Torgashov bilan bog‘lanishga harakat qilgan, ammo telefon orqali qilingan qo‘ng‘iroq ham, telegram orqali qilingan qo‘ng‘iroq ham ovozli signaldan keyin bosib qo‘yilgan.

Baza telegram-kanal portlatilgan mashinada xuddi shu familiyadagi, ammo yuqorida tilga olingan harbiy qismga aloqasi bo‘lmagan boshqa bir harbiy bo‘lganini xabar qildi.

«Agenstvo» esa vaziyatga yanada aniqlik kiritdi. Ma’lum bo‘lishicha, chorshanba tongida Moskvada portlagan Toyota Land Cruiser avval jurnalistlar xabar qilganidek strategik raketa qo‘shinlari boshqaruv markazi ofitseri Andrey Torgashovga emas, balki RF mudofaa vazirligi bosh shtabi Bosh boshqarmasi shtab-kvartirasida ishlovchi ofitser Andrey Torgashovga tegishli.

«Mashina egasi — polkovnik, Bosh shtab bo‘linmalaridan birining rahbari. Haydovchi o‘rindig‘i ostiga sig‘imi taxminan 500 gramm trotil bo‘lgan portlovchi qurilma o‘rnatilgan», — degan «Interfaks» manbasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «tergov barcha versiyalarni, jumladan „ukrain izi“ bo‘yicha versiyani ham o‘rganmoqda».

TASS ma’lumotiga ko‘ra, qotillik suiqasdi (RF JK 105-modda, 30-qism) va o‘qotar qurol va o‘q-doriga noqonuniy egalik qilish (RF JK 222-modda) moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. «Kommersant» ish terakt sifatida qayta tasniflanishi mumkinligini taxmin qilgan.

Internetda tunda mashina ostiga portlovchi qurilma o‘rnatilayotgani aks etgan video tarqalgan.

Tergov qo‘mitasi ushbu ish bo‘yicha gumonlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritilgani haqida xabar berdi. Tergovchilar yana jabrlanuvchilarning familiyasini keltirmagan.

Ko‘proq yangiliklar: