G‘azo partiyalarining qo‘shma deklaratsiyasi, Rossiyada migrantlar uchun yana bir to‘siq va afvni rad etgan To‘qayev - kun dayjesti

Jahon 14:05 / 24.07.2024 7613

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Falastindagi 14 siyosiy fraksiyalar G‘azodagi urush tugaganidan so‘ng «yarashuv uchun milliy muvaqqat hukumat» tuzish haqida qo‘shma deklaratsiya imzolashdi.

«Pekin deklaratsiyasi» deb nom olgan hujjatning imzolangani to‘g‘risida Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang I xabar bergan.

Xitoy Xalq Respublikasi Pekinda 21-23 iyul kunlari o‘tkazilgan yarashuv bo‘yicha muzokaralar uchun Falastinga muloqot maydoni taqdim etgan.

Birlashgan millatlar tashkilotining qarorlariyu rezolyutsiyalarini shu choqqacha nazar-pisand qilmay kelayotgan Isroil endi BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharqdagi agentligi (UNRWA)ni «terrorchilik tashkiloti» deb tan olishga hozirlik ko‘rmoqda.

Isroil Knesseti bu borada uchta qonun loyihasini birinchi o‘qishdayoq qabul qilgan. Agar qonun qabul qilinsa, uning mamlakatda ishlashi taqiqlanadi va agentlik xodimlari immunitetdan mahrum bo‘ladi.

Shusiz ham Isroil BMTga tegishli binolar va mashinalarga hujum qilib kelmoqda. BMTning bolalar fondi — UNICEFʼga tegishli ikki mashina G‘azoda o‘qqa tutilgan.

UNICEFʼning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mintaqaviy direktori Adil Xudr o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida o‘q tekkan avtomobillarning suratini e’lon qilgan.

Xudr xonimning qayd etishicha, 5 nafar bolalarni otalari bilan xavfsizroq joyga tashish uchun yo‘l olgan UNICEF avtomobillari o‘qqa tutilgan. Mashinaga bir nechta o‘q tekkan. Hech kim jarohatlanmagan. Hujumga uchragan mashinalarda UNICEFʼga tegishli ekanini bildiruvchi yozuvlar bo‘lganiga qaramasdan, ularga o‘q uzilgan.

Isroil urush davrida

Isroil Falastin yerlarida urush olib borayotgan 9 oy ichida qanday natijalarga erishdi?

Oktyabrdan buyon Isroilni qariyb yarim million aholi tark etgan. Isroil rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 683 askar o‘ldirilgan, 4100 kishi yaralangan.

Isroil yalpi ichki mahsuloti 2023 yilning oktyabridan dekabrigacha 20 foizga qisqargan.

Qariyb 46 mingta korxona yopilgan. 2024 yilning so‘ngiga qadar yopilgan korxonalar soni 60 mingdan oshishi mumkin.

Isroildan tovar va xizmatlar eksporti 2023 yilning so‘nggi kvartalida 18 foizga qisqargan. Bir yil ichida eksport 2,2 foizga tushib ketgan. 2024 yilning birinchi choragida eksport avvalgi chorakka nisbatan 5,5 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga qisqargan.

Isroilda turizm sohasi o‘ldi. Kelayotgan turistlar soni 76 foizga qisqargan.

Urushgacha mamlakatning eng qizg‘in ishlayotgan porti hisoblangan Eylat porti bankrotlik e’lon qilgan.

Iqtisodchilar Isroildagi chuqur iqtisodiy tanazzul haqida ogohlantirishmoqda.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Yevropa Ittifoqi Rossiya aktivlarini muzlatish muddatini uzaytirish sxemalarini taklif qildi, deb yozmoqda Bloomberg. Xabar qilinishicha, bunday sxemani ishlab chiqishni Yevropa Ittifoqidan AQSh so‘ragan.

Birinchi taklifda aktivlarni muntazam ko‘rib chiqish bilan muddatsiz muzlatish, ikkinchisida – Rossiyaga qarshi sanksiyalarni har 18, 24 yoki 36 oyda uzaytirish nazarda tutilgan. Ayni paytda ular har olti oyda bir marta ko‘rib chiqiladi.

Iyun oyida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida davlatlar yil oxirigacha Ukrainaga muzlatilgan Rossiya Federatsiyasi aktivlaridan tushgan mablag‘ni garov sifatida ishlatib, umumiy qiymati 50 milliard AQSh dollari miqdorida kredit berishga kelishib olgan edi. Kreditning aksariyat qismi — 260 milliard yevrodan 191 milliardga yaqini 2023 yilda ushbu mablag‘lardan 4,4 milliard yevro foiz olgan Euroclear depozitariysida saqlanadi. Aynan shu foyda Kiyevga berilgan kreditni to‘lash uchun ishlatiladi.

Biroq Vashington, Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimi barcha YeI davlatlarining yakdil qarori bilan har olti oyda bir marta uzaytirilishi talab qilinishidan xavotirda. Shu tariqa, Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yordam berish tashabbuslarini bir necha bor to‘sib qo‘ygan. Vashington Bryusseldan Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki aktivlarini muzlatish uzoqroq davom etishini kafolatlaydigan sxema ishlab chiqishni so‘radi – shunday qilinsa kredit to‘lovi kafolatlanadi.

Rossiyada migrantlarga cheklovlar

Endi rus tilini bilmaydigan migrantlar Rossiyadan deportatsiya qilinishi mumkin. Bunda deportatsiyani migrant o‘z hisobidan amalga oshiradi, agar unda imkoniyati bo‘lmasa, o‘z davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi hisobidan deportatsiya qilinadi.

Agar chet el fuqarosi tomonidan rus tilini bilishi to‘g‘risida olingan sertifikat haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa, migrant deportatsiya qilinishi mumkin. Shu mazmundagi qonun loyihasi Davlat Dumasiga Rossiya liberal demokratik partiyasi vakillari tomonidan kiritildi.

«Bizga faqat tilimizni va mamlakat tarixini o‘rganish uchun harakat qilgan mutaxassislar kelishi kerak. Rossiyaga yolg‘on yo‘l bilan kirganlar, jinoyat qilib, hujjat sotib olganlar… darhol deportatsiya qilinishi lozim», degan partiya raisi Leonid Slutskiy.

Til sertifikati Rossiyada ishchi kuchi sifatida qonuniy qolish uchun zaruriy shartdir. Mehnat migrantlari sertifikat olish uchun rus tili, tarixi va Rossiya qonunchiligi asoslari bo‘yicha imtihon topshirishi lozim.

Rossiya Ta’lim va fan vazirligi iyul oyi boshida ma’lum qilishicha, rus tili imtihonidan o‘ta olmagan migrantlar foizi 2024 yil yanvar-may oylarigacha 3 foizdan 30 foizga oshgan. 2024 yil aprel oyida migrantlarga yordam berish markazlari rus tilidan imtihon olish huquqidan mahrum bo‘ldi.

Demokratlar Harrisni ma’qullashdi

Kamala Harrisni AQSh Demokratik partiyasi delegatlarining ko‘pchilik qismi qo‘llab-quvvatladi. AQSh vitse-prezidenti nomzodi uchun Demokratik partiyaning 4 mingga yaqin delegatidan 2,5 mingdan ortiqrog‘i ovoz berdi.

«Bugun kechasi partiya nomzodi uchun zarur bo‘lgan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashga erishganimdan faxrlanaman», degan u va «tez orada nomzodlikni qabul qilishni intiqlik bilan kutayotgani»ni ma’lum qilgan.

Boshqalar qatorida vitse-prezidentni partiyaning bir qator yetakchi a’zolari, jumladan, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelousi ham qo‘llab-quvvatladi. Biroq Kongressning har ikki palatasidagi demokratlar yetakchilari hozircha bu borada bayonot bermagan.

Bundan tashqari, Harris Bayden kurashni davom ettirishdan bosh tortganini e’lon qilganidan keyin 24 soat ichida rekord miqdorda – 81 million dollar mablag‘ yig‘gani ham xabar qilingan edi. Kamala Harrisning nomzodini rasman ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan demokratlar qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadi.

To‘qayev afvni rad etdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi, davlatda xiyonatda ayblanib, sud tomonidan 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Karim Masimovni afv etish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirmadi.

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, To‘qayev shu yilning iyun oyida xuddi shu tarzda afv etishni rad etgan maxsus komissiyaning qarorini ma’qullagan.

«Masimovga nisbatan afv etishni qo‘llash imkoniyatini o‘rganib ko‘rgan komissiya davlat rahbariga tegishli taklifni kiritgan va u taklifni ma’qullagan», — deya tushuntirish bergan To‘qayevning matbuot xizmati.

Karim Masimov 2022 yilning yanvarida, prezident uni yanvar voqealari fonida namoyishchilarning kuchishlatar tizimlar bilan to‘qnashuvi yuz berganidan so‘ng ishdan olgach, ikki kun o‘tib hibsga olingan.

O‘sha yilning martida sobiq mulozimga oid surishtiruvlar chog‘ida “korrupsiyaga oid ko‘plab xatti-harakatlar” aniqlangani ma’lum qilingan. 2023 yilning aprelida Ostona shahar sudi Karim Masimovni davlatga xiyonat, hokimiyatni egallashga urinish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi moddalar bilan aybli deb topib, 18 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Shu yilning martida Qozog‘iston maxsus xizmatining sobiq rahbari mamlakat prezidentidan o‘zini afv etishni so‘ragan. Biroq, iyun oyida maxsus komissiya Masimovning iltimosnomasini rad etgan.

Ko‘proq yangiliklar: